Nazarboyev Ostona nomini o‘zgartirishga qarshi

Foto: facebook.com/AkordaPress.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakat poytaxti nomini o‘z sharafiga qayta nomlash tashabbusiga qarshi chiqdi. Davlat rahbari poytaxtning “rebrending” qilinishiga zarurat yo‘qligini ma’lum qildi. “Qayerga bormay, barcha Ostonani biladi. Bu brend. Shuing uchun uning nomini o‘zgartirishga hojat yo‘q. Hech qanday [sabab] ko‘rmayapman. Ostonada YeXHTning XXI asrdagi ilk sammiti bo‘lib o‘tdi, qishki Osiyo o‘yinlarini qabul qildi, hozirda EKSPO-2017, dunyo an’anaviy dinlari qurultoyi bo‘lib o‘tadi… Bularning barchasi Qozog‘iston bilan bog‘liq, biroq barcha yerda „Ostona“ nomi yangraydi. Buni o‘zgartirishdan qanday zarurat bor?” — dedi Nazarboyev “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervyusida. Ushbu intervyuning bir qismi Qozog‘iston prezidenti ma’muriyatining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga joylashtirildi. // Akorda Press

Erdo‘g‘on Turkiya qochqinlar uchun YeI bilan chegaralarini ochishi mumkinligini ma’lum qildi

Foto: tccb.gov.tr.

Turkiya Yevropa Ittifoqi Anqaraga nisbatan nodo‘stona siyosatini davom ettirsa, qochqinlar uchun YeI bilan chegaralarini ochishi mumkin, deya e’lon qildi Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on. Yevroparlament juma kuni Turkiyaning YeIga a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi muzokaralarni to‘xtatish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilgan edi. Bu esa Anqaraning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Bosh vazir Binali Yildirim so‘zlariga ko‘ra, hujjat uning mamlakati uchun hech qanday yuridik kuchga ega emas. “Siz hech qachon insoniyatga nisbatan to‘g‘ri va haqqoniy tutmagansiz. Biz 3 million qochqinni qabul qildik, siz esa 50 ming kishi kirishga uringanida devor qurishni boshlaysiz. Eshitib qo‘ying, agarda siz yana ilgari boradigan bo‘lsangiz, bilingki, mazkur chegara punktlari ochiladi”, — dedi Erdo‘g‘on Istanbuldagi “Ayollar va demokratiya” konferensiyasida so‘zga chiqar ekan. Germaniya hukumatining rasmiy vakili o‘rinbosari Ulrike Demmer keyinroq Erdo‘g‘onning qochqinlar bo‘yicha kelishuvni buzishi to‘g‘risidagi tahdidlari samarasiz ekanini ma’lum qildi. // RIA Novosti

Arktika muzlarining erishi iqlimning to‘liq o‘zgarishiga olib kelishi mumkin

Foto: nasa.gov.

Olimlar Arctic Resilience Report hisobotida Arktika muzlari erishi jarayonining tezlashuvi iqlimning to‘liq o‘zgarishi, natijada butun yer shari uchun halokatli oqibatni keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi. Hozirda Arktikada havo harorati yilning shu davrida qayd etilishi lozim bo‘lgandagidan 20 daraja yuqoriroq. Muzlar har doimgidan yupqaroq. Iqlimdagi tub burilish tabiiy iqlim tizimi keskin va butkul o‘zgarganda sodir bo‘ladi. Bu uni qurshab olgan iqlim zonalariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bunday o‘zgarishlar sarasiga tundrada quyosh nurlarini qaytarib turgan qor qoplamlarining o‘simliklar dunyosi tomonidan buzilishi, natijada haroratning ko‘tarilishi; kuchli issiqxona gazi hisoblangan metan ajralib chiqishining ko‘payishi; qor qoplamlarining okean bo‘ylab taqsimlanishining buzilishi va boshqalar kiradi. Olimlarni AQSH prezidentligiga saylangan Donald Trampning Arktika iqlimini o‘rganishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirishni kosmik tadqiqotlarni moliyalashtirish hisobiga bekor qilishi to‘g‘risidagi rejalari ham tashvishga solmoqda. // The Guardian

BMT: Madagaskarda 330 ming kishi ocharchilik yoqasida

Foto: un.org.

Madagaskar janubidagi kuchli qurg‘oqchilik 330 ming kishini ocharchilik yoqasiga keltirib qo‘ydi. BMT hisobotida vaziyat halokatli darajaga yaqinlashib qolgani aytilmoqda. Taxminan 850 ming kishi — janub aholisining yarmiga yaqini ochlik bilan to‘qnash kelmoqda va tezkor insonparvarlik yordamiga muhtoj.

Madagaskar janubidagi fermerlar uch yildan buyon qurg‘oqchilikdan aziyat chekmoqda. Xalqaro tashkilotlar tomonidan ularni sug‘orish mavsumida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rilayotganiga qaramasdan, bu yordam qurg‘oqchilikdan ziyon ko‘rayotgan barcha fermerlarni qamrab olgani yo‘q. Qurg‘oqchilik oqibatlarini bartaraf etish uchun yordam ko‘rsatish bo‘yicha 2017 yil martiga qadar davom etuvchi operatsiyani o‘tkazishga so‘ralayotgan 82 mln dollardan 50 millioni yetmayapti. // BMT