Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, xabar qildi O‘zA.

Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Dasturda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida boshlangan demokratik islohotlarni izchil davom ettirish, xalq uchun munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilgan asosiy yo‘nalishlar belgilab berilgan.

Davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish, ushbu sohada tajribadan o‘tgan bozor mexanizmlari va korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplarini keng joriy etish, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta’minlash vazifalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi rivoji uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, sanoatni texnologik yangilash va tarkibiy o‘zgartirish, yerlarning unumdorligini oshirish va qishloq xo‘jaligiga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, mahalliylashtirish dasturini kengaytirish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, aholi hayot darajasini izchil oshirish, barcha davlatlar bilan hamkorlikni va mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash bo‘yicha muhim yo‘nalishlar o‘z ifodasini topgan.