O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston Prezidentining “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori imzolandi.

Hujjatda aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanganlik darajasini yanada oshirish, ularning narxini belgilash bo‘yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish, mamlakatda arzon va sifatli preparatlar bo‘lishiga qaramasdan tashxis qo‘yish va davolash standartlarida ko‘zda tutilmagan hamda asosan qimmat import dori-darmon vositalarini tavsiya etish kabi nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralari belgilangan.

Qarorda 2017-yilning 1-yanvaridan chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 167 nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va 22 turdagi tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar belgilanmoqda. Bu narxlar davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo‘yicha tashkil etiladigan Respublika komissiyasi tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun jahon narxlari kon’yunkturasini tahlil qilish asosida o‘rnatilgan tartibda har chorakda belgilanadi.

Mazkur komissiya zimmasiga, shuningdek:

  • mamlakatimiz farmatsevtika bozorining, jumladan, respublikamizda ishlab chiqarilayotgan asosiy dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanganlik darajasini tizimli ravishda tahlil etish va o‘tkazilgan tahlil asosida dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari turlarini diversifikatsiya qilish, mamlakatimiz bozorini yetarli darajada to‘ldirishga doir takliflar ishlab chiqish, aholini dori-darmonlar bilan ta’minlashga mas’ul davlat organlari faoliyatini takomillashtirish;
  • narxlarini belgilash bo‘yicha alohida tartib o‘rnatiladigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ro‘yxatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, tashxis qo‘yish va davolash standartlariga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilgan taqdirda qarorlar qabul qilish;
  • ro‘yxatga kiritilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari narxlariga rioya etilishini nazorat qilish tadbirlarining amalga oshirilishini monitoring qilish va boshqa muhim vazifalar yuklatilgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan kvotalar bo‘yicha mamlakatimizda tegishli faoliyat bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega ulgurji va ulgurji-chakana kompaniyalar o‘rtasida tender o‘tkazish asosida chetdan xarid qilinadi. Bunday tenderlarni o‘tkazish O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi zimmasiga yuklangan.

O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar tomonidan narxlarni davlat tomonidan belgilangan tartibga rioya etilishini bevosita nazorat qiladi.

Mazkur qarorda dori-darmon vositalarini to‘g‘ri tavsiya etish, tashxis qo‘yish, davolash hamda klinik protokollar standartlarini barcha tibbiyot muassasalariga, jumladan, foydalanish uchun ochiq bo‘lgan axborot tizimlari orqali yetkazish, ularga rioya etilishini qat’iy nazorat qilish maqsadida xalqaro amaliyotga muvofiq asosiy kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va klinik protokollar standartlarini takomillashtirishga doir vazifalar belgilangan.

Qarorda eng muhim dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining barcha dorixonalar uchun majburiy yangilangan minimal ro‘yxati, shifokor retseptisiz beriladigan dori-darmon vositalari ro‘yxatini tasdiqlash;

yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qo‘pol buzilganligi uchun litsenziyani bekor qilish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Prezidentining qabul qilingan ushbu qarorining hayotga tatbiq etilishi ichki bozorni arzon va sifatli dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan yanada to‘liq ta’minlash, narx belgilash bo‘yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish, mamlakatimizda arzon va sifatli preparatlar bo‘lishiga qaramasdan, tashxis qo‘yish va davolash standartlarida ko‘zda tutilmagan hamda asosan qimmat import dori vositalarini tavsiya etish bo‘yicha nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday hollarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.

Mazkur barcha chora-tadbirlar, birinchi navbatda, aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga, aholining salomatligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.