O‘zbekistonda ikki oy muddat ichida poraxo‘rlikka qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilishi lozim. Bu haqdagi topshiriq 5- oktyabr kuni Prezident v. b. Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonda ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda fuqarolar va tadbirkorlarning, eng avvalo, davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, shuningdek, korrupsiya tusidagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”, “Davlat xaridlari to‘g‘risida” va “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida"gi qonunlarni qabul qilish nazarda tutilmoqda.