28 sentyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Fransiya Respublikasining yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Violen Biyet de Vilmorni qabul qildi.

TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, elchi ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalarda samarali hamkorlik barpo etilganligi hamda turli daraja va yo‘nalishlarda muntazam aloqalar o‘rnatilganligi ta’kidlandi.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari O‘zbekiston-Fransiya kun tartibida alohida o‘rin egallaydi. Joriy yilning 30 iyul kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 6 majlisida sanoat, transport va farmakologiya sohalarida o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Muloqot davomida Fransiya Elchixonasining yangi rahbari O‘zbekistonga mamlakatlarimiz o‘rtasidagi serqirra aloqalarni yanada rivojlantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shish maqsadida kelganligini ta’kidladi.