Fransiyaning Axens kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilishga yordam beradi, deb xabar qilmoqda BNQIZga egalik qiluvchi “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

Yil boshida O‘zbekiston prezidenti bosh vazir Abdulla Aripovga 2025-yildan Ai-80 benzinidan butunlay voz kechish masalasini hal etish bo‘yicha topshiriq bergandi.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish natijasida 60 foiz va 40 foiz hajmdagi yuqori oktanli Ai-92 va Ai-95 benzinlarini mos ravishda ishlab chiqarish nazarda tutilgan. Yiliga 1 million tonnadan ortiq hajmda ishlab chiqariladigan barcha benzin (dastlab 1,2 million tonna rejalashtirilgan) Yevro-5 ekologik sinfiga mos keladi, bu esa Yevro-2 sinfidagi Ai-80 ishlab chiqarishdan voz kechishga imkon beradi, deyiladi hisobotda.

2024−2025-yillarda loyihalashtirish va Fast-track rejimida qurish rejalashtirilmoqda.

Axens yiliga 360 ming tonna nafta gidro tozalash o‘rnatmasi, 380 ming tonna izomerizatsiya o‘rnatmasi va 60 ming tonna piroliz distillatini tanlab gidrogenlash o‘rnatmasini o‘z ichiga olgan texnologik o‘rnatmalarni loyihalashtiradi.

Parallel rvaishda loyihalashtirish uchun fransuz kompaniyasi bilan Axens texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha litsenziya shartnomasi, shu jumladan, xodimlarni o‘qitish va loyiha hujjatlari paketini ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi, bu taxminan 5,5 oy davom etadi.

Loyihaning potensial bosh pudratchisi China National Petroleum Corporation bo‘lib, ikki yil ichida Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qiladi. O‘zbekiston, shuningdek, CNPC korporatsiyasini yerosti gaz saqlash sig‘imlarini barpo etishga jalb qilishi mumkin.

2019-yilda 553 million dollarlik zavodni uch bosqichli modernizatsiya qilish boshlangan. Janubiy Koreyaning SK Engineering kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha 2025-yil oxirigacha yiliga 2,5 million tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlash va 1,2 million tonna Yevro-5 benzini, 200 ming tonna aviakerosin, 750 ming tonna dizel yonilg‘isi va 30 ming tonna mazut ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha quvvatiga yetishni nazarda tutadi.

Axens avvalroq “O‘zbekneftgaz” bilan boshqa loyihalarda hamkorlik qilgan. Masalan, 2020-yilda Fransiya kompaniyasi texnologiyasi tufayli Buxoro neftni qayta ishlash zavodida Yevro-4 va Yevro-5 standartidagi dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgandi.