O‘zbekiston mart oyida ham oltin savdosi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi, deya xabar bermoqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council).

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, oy davomida markaziy banklar tomonidan sof oltin xaridlarining jami hajmi 16 tonnani tashkil etgan. Talab yuqoriligicha qolmoqda: xaridlar hajmi 40 tonnaga yetdi, sotuvlar hajmi esa 25 tonnani tashkil etdi.

Skrin: Jahon oltin kengashi saytiSkrin: Jahon oltin kengashi sayti

Barcha asosiy xaridorlar rivojlanayotgan bozorlarga ega mamlakatlar hisoblanadi. Turkiya Markaziy banki zaxiralarini 14 tonnaga, Hindiston va Xitoy Markaziy banklari esa 5 tonnaga oshirdi. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston va Singapur bormoqda — har biri 4 tonnadan.

Mart oyida O‘zbekiston 11 tonna oltin sotdi va bu bo‘yicha Tailand (10 tonna) va Iordaniyani (4 tonna) ortda qoldirdi.

O‘zbekiston Markaziy banki 12 tonna oltin sotib, fevral oyida ham dunyoda birinchi o‘rinni egallagandi.

2023-yil yakuni bo‘yicha esa O‘zbekiston dunyoda ikkinchi eng ko‘p oltin sotgan mamlakat bo‘lgandi. Oltin bo‘yicha sof savdo 25 tonnadan ortiqni tashkil etib, birinchilikni egallagan Qozog‘istondan ikki barobar kam ko‘rsatkich qayd etilgandi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida O‘zbekiston 1,35 mlrd dollarlik, yil boshidan buyon esa 2,66 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan. Bu mamlakat umumiy eksportining 41,7 foizini tashkil etadi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil 1-aprel holatiga ko‘ra O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari mart oyida 1,99 mlrd dollarga ko‘paygan holda 34,19 mlrd dollarni tashkil qildi. Oy davomida zaxiradagi qimmatbaho metalning fizik hajmi 10,9 tonnaga kamaydi va 2022-yilning may oyidan beri minimal darajaga yetdi.