Ijtimoiy tarmoqlarda “Bog‘cha opa tomonidan bola kaltaklanib qo‘liga igna tiqildi” sarlavhasi ostida video tarqaldi. Bolalar ombudsmani holat nazoratga olinganini xabar qildi.

Aniqlanishicha, videodagi holat 2023-yilning noyabr oyida Gurlan tumanidagi 23-sonli bog‘chada sodir etilgan bo‘lib, ushbu bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlovchi F.S. bog‘cha tarbiyalanuvchilari M.X., T.Sh.ning (2018-yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar) go‘yoki bir-biri bilan urishgani vaji bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgan va bolalar yuziga bir necha bor tarsaki tushirgan. Bu holat videotasvirga tushgan.

Mazkur holatni, shuningdek, bolaning qo‘liga igna qay tarzda kirganini aniqlash yuzasidan hozirda Gurlan tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib boshlangan.

Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi qayd etilgan.