15-aprel kuni Nyu-Yorkda AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning pornoaktrisa Stormi Denielsga qilgan to‘lovlari bo‘yicha ishga doir sud jarayoni boshlandi, deb xabar bermoqda CNN. Tramp AQSh tarixida jinoiy javobgarlikka tortilgan birinchi sobiq prezidentga aylandi.

Tramp biznes yozuvlarini soxtalashtirish bilan bog‘liq 34 ta band bo‘yicha ayblanmoqda. Ish materiallariga ko‘ra, 2016-yilgi saylovlar oldidan Tramp advokat orqali Denielsga u bilan bo‘lgan aloqalari haqida gapirmasligi uchun 130 ming dollar to‘lagan.

To‘lovning o‘zi qonunbuzarlik emas edi, biroq Tramp va uning advokati buni yuridik xarajatlar uchun to‘lov sifatida belgilagan, bu esa Nyu-York shtatida hisobotlarni soxtalashtirish hisoblanadi va jinoiy qonun bilan jazolanadi.

Sobiq prezident unga qo‘yilgan ayblovni tan olmayapti va Deniels bilan aloqasi borligini rad etmoqda.

Har bir band bo‘yicha maksimal to‘rt yillik qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Biroq sudya jazo muddatini o‘z xohishiga ko‘ra belgilash huquqiga ega, u Trampni sinov muddatiga hukm qilishi ham mumkin.

Sud majlisi boshlanishidan oldin jurnalistlar, Trampga qarshi namoyishchilar va uning tarafdorlari sud binosi oldida to‘plandi. Sud jarayoniga siyosatchining o‘zi keldi. Matbuot bilan qisqa suhbatda u jarayonni “ta’qib” va “Amerikaga hujum” deb atadi. “Hech kim hech qachon bunday narsani ko‘rmagan”, — dedi sobiq prezident.

Sud jarayoni olti hafta davom etishi kutilmoqda. Sudya Trampga cheklovlar qo‘ydi va guvohlar, prokurorlar, sud xodimlari hamda ularning oila a’zolari haqida ochiq gapirishni taqiqladi. Prokurorlar allaqachon ijtimoiy tarmoqlardagi uchta posti uchun Trampni taqiqni buzganlikda ayblab, suddan unga jarima solishni so‘radi.

  • Stormi Denielsga to‘lov ishi hozirda yana prezidentlikka qaytishga urinayotgan Trampga nisbatan tergov olib borilayotgan to‘rtta jinoiy ishdan biridir. Gap Gruziyadagi 2020-yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinish, 2021-yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirish va maxfiy hujjatlar bilan noqonuniy muomala qilish haqida bormoqda. Tramp barcha ayblovlarni rad etadi.
  • Mart oyida Tramp Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka rasmiy nomzodlikni qo‘lga kiritish uchun praymerizda yetarlicha delegatlarni qo‘lga kiritgandi.