Toshkentda 29-mart kuni o‘tkazilgan “Avtomobilsiz kun” aksiyasi doirasida transport vaziri Ilhom Mahkamov unga hamrohlik qilgan “Gazeta.uz” muxbiri Shuhrat Latipovga Toshkent shahrida tramvaylar harakatini tiklash bilan bog‘liq jarayon qanday ketayotganini aytib berdi.

Mavzu avvalida vazirdan poytaxtda harakati 2016-yil 2-mayda batamom to‘xtatilgan tramvaylarga endilikda qanday ehtiyoj borligi, umuman, ayni hukumatda o‘sha davrda tramvay harakatini to‘xtatish xato bo‘lgan, degan qarash bor-yo‘qligi so‘raldi.

“U paytda men boshqa sohada ishlardim. Hozir esa soha vakili sifatida aytamanki, tramvay — Toshkent shahri uchun nihoyatda kerakli infrastruktura. Mavjud bo‘lgan tramvayni bekor qilish… balki, menimcha, u paytlarda u qadar tirbandliklar bo‘lmagan, jozibadorlik, muhtojlik sezilmagan. U paytlarda o‘ziga yarasha sabablari bo‘lgan bo‘lsa kerak. Qolganida ham, baribir uni modernizatsiya qilish, yangilash talab etilardi. Tramvaylarning o‘zi ham, yo‘li ham eskicha usulda qurilgan. Bu infratuzilma, albatta, bizga kerak”, — deya javob qaytardi Ilhom Mahkamov.

Shundan so‘ng tramvaylarni qaytarish ishlari qaysi bosqichda ketayotgani haqida so‘z bordi.

“Fransiyaning Alstom kompaniyasi bilan ishlab turibmiz. Alstom ko‘proq o‘z mahsulotini o‘tkazish uchun taklifini bergan. Grant berib, sizlarga texnik-iqtisodiy asoslarini qilib beramiz degan. To‘g‘ri, hozirda ishlayapmiz. Lekin bir narsani to‘g‘ri tushunish kerakki, birgina grant mablag‘lari tufayli bizga texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqdi-ku, endi biz Alstom`ni oldik degani emas. Baribir konkurs bo‘ladi. Bunda tramvayning qurishi jihatdan qimmatlashib ketishi bor. Shuning uchun konkurs bo‘ladi”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda tramvay orqali “eski” Toshkent bilan Yangi Toshkentni bog‘lash, Yangi Toshkentda bu infrastrukturani yaratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

“Mavjud bo‘lgan Toshkent shahrida o‘zimiz uchun marshrutlarni ko‘rib chiqyapmiz. Lekin, o‘ylaymanki, birinchi bosqichda „eski“ Toshkent bilan Yangi Toshkentni bog‘lash masalasi [turibdi]. „Mashinasozlar“ bekati bor, yoki undan, yoki „Do‘stlik“ metro bekatidan bog‘lab yuborib, Yangi Toshkentga olib chiqadigan reja qilyapmiz”, — dedi u.

Vazirning so‘zlaridan xulosa qilib, Toshkent shahri ichida yaqin orada tramvay qurish ishlari reja qilinmagani haqidagi savolga u quyidagicha javob berdi:

“Bilasizmi, biz hozir birinchi jarayondagi transport master modelini qilganmiz, ya’ni mavjud bo‘lgan tarmoqlarni rivojlantirish bilan: metropoliten va avtobuslar. Bir-biriga hamohang rivojlantirish, eksress marshrutlar va TPU (transport o‘tkazish xabi — tahr.)larni qurish. Keyingisi — rivojlantirish konsepsiyasi. Bu bo‘yicha bizda mutaxassislar ish boshlashdi. Ular mavjudlarini tugatganidan keyin parallel ravishda yana qaysi tarmoqlarni rivojlantirsak bo‘ladi, ular shu bo‘yicha taklif beradi, ya’ni metroning qaysi joylarini uzaytirish mumkin va tramvaylarni qaysi joylarga joylashtirish mumkinligi bo‘yicha”.

“Albatta, hech kimda Toshkent shahrida tramvay bo‘lmaydi, bu narsani to‘xtatdik degan fikr yo‘q, bu aniq, bundan yiroqmiz. Tramvayni qaysi yo‘nalishlarga qo‘yish masalasi ustida ishlayapmiz. Bunda mavjud infrastrukturadan kelib chiqishimiz kerak”, — deya ta’kidladi Ilhom Mahkamov.

O‘tgan yilning aprel oyida Ilhom Mahkamov “Tramvay qachon Toshkentga qaytariladi?” savoliga javob berarkan, bu ham eskirgan drenaj tizimi, metropolitenda tiqilinchni haddan tashqari ko‘pligi, ko‘chalardagi tirbandlik muammolarini hal qilish kabi ko‘p vaqt talab etishini aytgandi.

“Endi mutaxassislar bizga „eski“ va Yangi Toshkentni bog‘laydigan liniya qurishdan boshlash kerakligini aytishmoqda. Agar hozir shahar ichida tramvay qurishni boshlasak, tirbandliklarga ham duch kelamiz, deyishyapti. Tramvay ishga tushirilgandan keyin emas, balki qurilish vaqtida. Bu juda uzoq vaqt talab etadi”, — degandi vazir bir yil muqaddam.

“Gazeta.uz” 2022-yilning yilning noyabr oyida Alstom Toshkentda tramvay liniyalarini qurishi haqida yozgandi. O‘shanda 9,1 km uzunlikdagi liniyalarning narxi 167,4 million yevroga baholangan. Bitim Parijda O‘zbekiston prezidentining tashrifi doirasida imzolangan.

Ma’lumot uchun, 2024-yil yanvar oyida Xitoyning CRRC korporatsiyasi vakillari Toshkent hokimligiga g‘ildirakli tramvaylarni namoyish etgan. Ularni Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab “yashil transport yo‘lagi” loyihasi doirasida poytaxt transport tizimiga birlashtirish taklif qilinmoqda.