Onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga xayriya mablag‘lari hisobidan yordam beruvchi “Ezgu Amal” fondi har yili ochiq moliyaviy hisobot beradi — o‘tgan bir yil davomida jamg‘armaga qancha tushum bo‘ldi-yu, tushgan pullar nimalarga sarflandi — barcha moliyaviy operatsiyalar haqida jamoatchilik xabardor qilinadi. 18-fevral kuni Toshkentdagi Yoshlar ijodi saroyida 2023-yil yakunlari sarhisob qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Ezgu Amal” nima o‘zi?

2012-yili Munira Xo‘jaxonovaning 12 yoshli o‘g‘lida ikkinchi darajali osteosarkoma (suyak saratoni kasalligi) aniqlanadi. Toshkentda, davolanishning boshida noto‘g‘ri yuborilgan kimyoviy preparat sabab farzandi “kuyib” qoladi. Shundan so‘ng muolajalarni Moskvada davom ettirishga qaror qilinadi. Ikki yil deganda bola kasallikni yengadi.

Ammo bu ikki yil oson o‘tmaydi — ruhiy, jismoniy qiyinchiliklardan tashqari moliyaviy muammolar paydo bo‘ladi. Ayniqsa, 9 va 10-kimyo kursini olishga kelganda haqiqiy qiyinchilikka duch kelishadi. Moskvadagi kasalxonada boshqa oilalarning jamg‘armalar ko‘magidan foydalanayotganini ko‘rgan Munira opa ham Rossiyadagi uchta fondga yordam so‘rab murojaat qiladi. Shu tariqa qolgan kimyo kurslari va undan keyingi reabilitatsiya xarajatlari fondlar yordamida qoplanadi.

O‘z farzandi sog‘ayib ketganiga qaramay, Munira opa bu jarayondan chiqib keta olmaydi — axir hamma bolalarda ham davolanib ketish uchun moddiy imkoniyat yo‘q, boz ustiga, u vaqtlarda O‘zbekistonda bunday fondlar ham yo‘q edi. Munira Xo‘jaxonova dastlab ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ngilli sifatida xayriya bilan shug‘ullana boshlaydi, so‘ng o‘zi kabi faoliyat olib borayotgan boshqa volontyorlar — Marina Kondratova va Nune Sardaryan bilan tanishadi.

Munira Xo‘jaxonova chapdan ikkinchi, ko‘k kostyumda. Foto: “Ezgu Amal” fondiMunira Xo‘jaxonova chapdan ikkinchi, ko‘k kostyumda. Foto: “Ezgu Amal” fondi

“Ishimizni yaxshi va shaffof olib borganimiz uchun ham odamlar bizga ishonib berayotgan pul hajmi ham oshib ketgan. Faoliyatimizni qonuniy, ochiq va yanada shaffof davom ettirishimiz uchun ham fond kerak edi”, — deydi Munira Xo‘jaxonova. Shu tariqa uch hamfikr ko‘ngilli tomonidan saratonga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan “Ezgu Amal” fondi 2018-yil 12-noyabr kuni nodavlat notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatga olingan.

Fond o‘z resurslarini faqat jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari, xayriya tadbirlaridagi yig‘imlar, onlayn to‘lov tizimlaridagi xayriya bo‘limlari orqali, shuningdek, odamlar gavjum joylarga o‘rnatilgan xayriya qutilariga tashlangan pullar hisobidan shakllantiradi. Masalan, 2023-yilda xayriya qutilarining o‘zidan 3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘plangan bo‘lib, uning 1,8 mlrd so‘mi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘idagi Mehr qutilariga tushgan.

“Korzinka” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov 2023-yildan beri fond vasiylik kengashi a’zosi hisoblanadi. U “Ezgu Amal” bilan hamkorlik tarixi haqida gapirarkan, besh yillik faoliyat davomida kuchli ishonch hosil bo‘lganini alohida ta’kidladi.

“Ba’zi xaridorlar mayda pul olmayman deb, qaytimini kassaga tashlab ketardi. Biz esa buni xohlamasdik, chunki tiyin-tiyinigacha hisob-kitobimiz bor. Shunga bir yechim bo‘lar deb supermarketlarimizga Mehr qutilarini o‘rnatdik. Qaytimini olishni xohlamagan xaridorga kassirlarimiz shu pulni Mehr qutisiga tashlashni tavsiya qilar, unga tushgan pullar xayrli ishlashga sarflanishini tushuntirardi”, — deya eslaydi Zafar Hoshimov.

Zafar Hoshimov. Foto: “Ezgu Amal” fondiZafar Hoshimov. Foto: “Ezgu Amal” fondi

Mehr qutilariga yig‘ilgan pullarni olish, sanash va ehtiyojmandlarga topshirish, jarayonni shaffof olib borish uchun kompaniya alohida bo‘lim ham tashkil qilishga majbur bo‘lgan — ya’ni bu “Korzinka” uchun qo‘shimcha ma’muriy ishga aylangan. Tadbirkorning qayd etishicha, bunda pulning kelishi emas, uni qayerga, kimga berish muhim, ko‘pchilik shu nuqtada qiynaladi — o‘z ishi, vazifalari bor odam har kuni xayriya bilan ham mashg‘ul bo‘lishga vaqti yo kuchi yetmasligi mumkin.

“2018-yil dekabrida, o‘z ishlarimiz qolib, xayriya ishlari bilan shug‘ullanib yurganimizda Muniraxon keldi-da, “Ezgu Amal” fondi haqida gapirib berdi. Shundan keyin biz “Korzinka”dagi barcha Mehr qutilarga tushgan mablag‘larni bir manzil — “Ezgu Amal” fondiga yo‘naltirishga qaror qildik. O‘tgan besh yil ichida fondga nisbatan ishonchimiz kuchaydi va biz bundan juda mamnunmiz”, — dedi Zafar Hoshimov.

“Korzinka” asoschisining ta’kidlashicha, hozir ham xayriyamni qayerga yo‘naltirsam, kimga bersam ekan deb ikkilanib yurgan odamlar bor. “O‘ylaymanki, „Ezgu Amal“ mehribon va xayriyaga muhtoj odamlar orasida ko‘prik bo‘lyapti. Bir fondning shunchalik ishonchga ega bo‘lishi va besh yildan beri shaffof faoliyat olib borishi — unikal hodisa. Biz buni qadrlashimiz kerak”, — deydi u.

Zafar Hoshimovga 2023-yili fond vasiylik kengashi a’zosi bo‘lishni taklif qilishganida, u bu taklifni xursandchilik bilan qarshi olgan. “Bu men uchun ham g‘urur, ham mas’uliyat bo‘ldi”, — deya qo‘shimcha qildi tadbirkor.

Tushum

2023-yilda fond hisobiga umumiy salkam 14,3 mlrd so‘m xayriya mablag‘lari tushgan. Buning 3,6 mlrd so‘mdan ortig‘i yuridik shaxslar tomonidan, 1,2 mlrd so‘mdan ortig‘i jismoniy shaxslar tomonidan, 5,1 mlrd so‘mdan ortig‘i onlayn to‘lov platformalaridagi xayriya bo‘limlari va fond veb-saytidagi maxsus shakldan, 3,1 mlrd so‘mdan ortig‘i esa, yuqorida ta’kidlanganidek, xayriya qutilaridan tushgan. Shuningdek, yana 1 mlrd so‘mdan ortiq xayriya tovar yoki xizmat ko‘rinishida taqdim etilgan.

“Tovar yoki xizmat ko‘rinishida taqdim etilgan xayriya” deganda nimani tushunish kerak? Masalan, “Yandeks.Taksi” xizmati davolanishiga “Ezgu Amal” yordam berayotgan bemorlarning Toshkent bo‘ylab bepul harakatlanishiga (ko‘chib o‘tishiga) yordam beradi. Xususan, 2023-yilda bemor bolalar, ularning ota-onalari hamda volontyorlarning shahar bo‘ylab va undan tashqaridagi 1500 dan ortiq salkam 56,4 mln so‘mlik safarlariga xizmat taksi agregatori tomonidan bepul ko‘rsatilgan. “Ezgu Amal” vakillari buni “fond uchun juda katta volontyorlik yordami” deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, maxsus uyushtiriladigan turli xayriya tadbirlari davomida ham xayriya mablag‘lari to‘planadi. Masalan, 2023-yil 14-yanvarda Amerika Savdo palatasi “Ezgu Amal” fondini qo‘llash uchun o‘tkazgan xayriya balida mehmonlar 160 mln so‘m miqdorida mablag‘ni ehson qilgan. 24-yanvar kuni esa “Humo” xokkey klubi saratonga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Humo Arena”da xayriya o‘yini o‘tkazgan — chiptalar sotuvidan tushgan 53 mln so‘m fondga o‘tkazib berilgan.

“Diplomat International School” ikki yildan beri saratonga chalingan bolalar uchun bolalar va ota-onalarni jalb qilgan ana’anaviy xayriya yarmarkasi o‘tkazadi. 2023-yilgi yarmarkada 106 mln so‘m pul to‘plangan. 22-dekabrda “Gold Stars School” xususiy maktabida o‘tkazilgan “Bolalar bolalarga yordam beradi” nomli xuddi shunday xayriya yarmarkasida esa 22 mln so‘m pul yig‘ilgan.

18−20-noyabr kunlari “Hilton” mehmonxonasida oilaviy rassomlar — Diana, Lyudmila, Marat Sodiqovlarning ko‘rgazmasida yig‘ilgan 25,5 mln so‘m, 26-dekabrda Forumlar saroyida o‘tkazilgan “Disko afsonalari” xayriya konsertidagi chiptalar sotuvidan tushgan 1,22 mlrd so‘m ham “Ezgu Amal” fondiga yo‘naltirilgan. Shuningdek, bir nechta bayramlarda Bolalar milliy tibbiyot markazida davolanayotgan bolajonlar uchun turli sovg‘alar, san’atkorlar ishtirokidagi tadbirlar tashkil etilgan.

Bunday tadbirlar yil bo‘yi davom etadi. Xususan, fondning yillik hisoboti taqdim etilgan 2024-yil 18-fevral kuni ham ham Yoshlar ijod saroyida Bolalar gemotologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi markazi bilan hamkorlikda markazni zarur jihozlar, dori-darmonlari, ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarni moliyalashtirishga mablag‘ to‘plash maqsadida “Bolalar bilan birga — umid bilan birga” xayriya festivali o‘tkazildi. Bu festival uchun fond veb-sayti orqali ham xayriya qilish mumkin, hozirgacha 31 mln so‘m atrofida pul to‘plangan.

Umuman, 2023-yilda xayriya mablag‘lari hajmi bir yil avvalgi miqdordan ikki barobardan ko‘proqqa oshgan — 2022-yilda fondga kelib tushgan xayriya mablag‘lari hajmi 6,5 mlrd so‘m atrofida edi. Besh yil ichida “Ezgu Amal”ga 40 mlrd so‘mga yaqin xayriya pullari kelib tushgan bo‘lib, ularning bari onkologik kasallikka chalingan bolalarga turli ko‘rinishdagi yordamlar uchun yo‘naltirilgan.

Xarajat

Eng ko‘p — salkam 8,2 mlrd so‘m mablag‘ — bemor bolalarning Hindiston, Turkiya, Yaponiya va Rossiya kabi xorijiy mamlakatlardagi tibbiy muolajalari uchun sarflangan. Shuningdek, tibbiy buyumlarga 2,05 mlrd so‘mdan ortiq, O‘zbekistondagi tibbiy xizmatlarga 639 mln so‘mga yaqin pul sarflangan.

Fond kelib tushgan murojaatlar asosida yordam ko‘rsatadi va butun respublikani qamrab oladi. Fond yordamining 22 foizi Toshkent shahriga, 13 foizi Toshkent viloyatiga, 12 foizi Farg‘ona viloyatiga, 9 foizi Qashqadaryo viloyatiga, 4 foizi Navoiy viloyatiga; Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Samarqand viloyatlariga 6 foizdan, Surxondaryo, Xorazm viloyatlariga 5 foizdan, Andijon, Sirdaryo, Buxoro viloyatlariga 2 foizdan to‘g‘ri keladi.

Qolgan mablag‘ning asosiy qismi klinikalar uchun yordamga, xayriya qutilarini tayyorlash va ta’mirlashga, idora mollari, xizmat safarlari, transport, aloqa xizmati, sayt, ma’muriy boshqaruv xarajatlariga, soliq va sug‘urtalar to‘lovlariga va boshqalarga sarflangan. Xususan, fond binosida onkologik kasallikka chalingan bolalar va ularning oilalariga onkopsixologik yordam xonasi ochilib, pilot-loyiha doirasida yarim yilda 110 oilaga yordam ko‘rsatilgan. Kelgusida shifoxonalardagi bolalar onkologiyasi bo‘limlarida ham shunday xonalarni ochish rejalashtirilgan.

2022-yili “Ezgu Amal” fondi tashabbusi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi va Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda saratonga chalingan bolalarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi O‘zbekistondagi ilk bolalar xospisi — “Taskin” ochilgan edi. Ushbu muassasa terminal (hayotning so‘nggi bosqichi) holatdagi bemorlar umrining oxirgi kunlarini ruhiy va ma’naviy ehtiyojlari qondirilgan holda o‘tishiga yordam beradi.

Ta’kidlanishicha, 2023-yilda “Ezgu Amal” to‘plagan xayriya mablag‘larining 1,05 mlrd so‘mi aynan “Taskin” xospisi uchun, uni oziq-ovqat va suv bilan ta’minlash, xospis xodimlarining ish haqiga qo‘shimcha to‘lov sifatida o‘tkazib berilgan. Xospis bugungi kungacha jami 260 nafar, 2023-yilning o‘zida esa 193 nafar bemorni qabul qilgan bo‘lib, afsuski, ularning ayrimlari allaqachon bu dunyoni tark etgan (muassasa haqida “Gazeta.uz”da material ham e’lon qilingan edi).

“Ezgu Amal”ning hisobot taqdimotida chiqish qilgan xospis rahbari, onkolog Rustam Narbayevning ta’kidlashicha, “Taskin” kabi ijtimoiy loyihalar “so‘zda, ishda va pulda yordam beradigan jamiyat tufayli yashaydi va ishlaydi”.

“Ba’zan qo‘ng‘iroq qilib, „Nima olib boraylik?“, deb so‘rashadi. Biz ularga: „Hech narsa kerak emas, faqat kelsangiz bo‘ldi“, deb javob beramiz. Chunki bu bolalar deyarli butun umrini shifoxonalarda o‘tkazgan. Ular jamiyatni ko‘rmagan, odamlarni, bolalarni, tengdoshlarini bilmaydi”, — dedi u.

Rustam Narbayev. Foto: “Ezgu Amal” fondiRustam Narbayev. Foto: “Ezgu Amal” fondi

“Ezgu Amal” fondi O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib xospis va shifoxona parvarishi uchun volontyorlarni tayyorlashga qaratilgan maxsus kurs tashkil qilgan. Bir yilda 100 nafar volontyor xospis ishi bo‘yicha saboq olgan, bolalar va ota-onalar uchun 40 ta mahorat darslari o‘tkazilgan. Umuman olganda, O‘zbekistonda allaqachon xospis maktabi paydo bo‘lgan.

Doktor Narbayevning qayd etishicha, kimdir saratonga chalinsa, uning butun oilasi shu dard bilan yashaydi. Bemor bolalarning ota-onalari og‘ir ruhiy holatni boshdan kechiradi. Bolalarning o‘zi ham juda qiynaladi. Ular bir necha kun yoki bir hafta xospisda bo‘lganlaridan so‘ng esa yuzlarida tabassum paydo bo‘ladi. Bola yurishni, kulishni, ovqatlanishni boshlaydi. Chunki og‘riq qoladi, ular o‘zini sog‘lomdek his qila boshlaydi.

“Bir bolamiz bor edi. Uni xospisda birinchi marta ko‘rganimda og‘riqdan tanasi qiyshayib qolgan edi. Qimirlamasdan, faqat yig‘lardi. Ammo uch kundan keyin raqsga tusha boshladi. Vaholanki, bungacha bir oy davomida hatto yurolmagan ham ekan. Kechki diskotekadan uning raqsga tushgan videosini yuborishganida, ko‘rib yig‘lagandim. Bu juda ta’sirli”, — deb eslaydi shifokor.

Tadbirda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova ham so‘zga chiqib, vazirlik fondga tirgak bo‘lishini, har qanday to‘siqlarni bartaraf etishda yordamga tayyorligini bildirdi. Artel kompaniyasi vakillari esa fond bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgach, ularni eng ta’sirlantirgani aynan “Taskin” xospisi bo‘lgani, kompaniya bundan keyin ham yordamini ayamasligini bildirdi. Ta’kidlanishicha, Artel hozirda “Taskin” uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda.

Ezgu amallar davom etadi

Munira Xo‘jaxonova “Ezgu Amal”ning asosiy missiyasini qaysidir bolaga bir marta dori olib berish yoki bir marta manzilli yordam ko‘rsatish emas, balki O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi yo‘nalishini rivojlantirishda davlatga ko‘makchi bo‘lish, deb hisoblaydi.

“Saratonga chalingan bolalar davolanish uchun qiynalib chet elga chiqishlariga to‘g‘ri kelishini, ota-onalari esa ularni davolatish uchun mablag‘ topolmaganida bolalarimiz umidsiz yotib qolishlarini noto‘g‘ri holat, deb hisoblaymiz. Farzand dog‘ini hech bir yurak ko‘tarolmaydi. Biz mana shu dardning oldini olishda, eng yomon vaziyatda esa shu dardni to‘g‘ri qabul qilishda qo‘limizdan kelgan yordamimizni bundan keyin ham ayamaymiz”, — deydi Munira Xo‘jaxonova.