Bu yili yozda Mo‘ynoqda “Stixiya” elektron musiqa, san’at va fan festivali o‘tkaziladi: to‘rt kunlik tadbir “kemalar qabristoni”da bo‘lib o‘tadi. Uning dasturi va ijodkorlar ro‘yxati haqida batafsil quyidagi “Gazeta.uz” materialida.

“Stixiya” festivali 2018-yildan buyon har yili o‘tkazilib kelinadi. Bu yilgi festival yana tarixiy ahamiyatga ega joyda — tashkil etilganidan beri o‘tkazib kelinadigan (o‘tgan yildan tashqari) Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida bo‘lib o‘tadi.

O‘tgan yili festival Navoiy viloyatida bo‘lgan, tadbirga uch mingga yaqin ishtirokchi, jumladan, boshqa davlatlar — Qozog‘iston, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Qirg‘iziston va boshqa mamlakatlardan kelgan.

“„Stixiya“ shunchaki festival emas, qaysidir ma’noda mintaqani barqaror rivojlantirish, atrof-muhit va madaniy merosga o‘zaro hurmat va e’tibor ko‘rsatish yo‘lidagi harakatdir”, — deydi festival tashkilotchilari.

“Stixiya” doirasida to‘rtta dastur tashkil etiladi:

  • I Am Still Waiting For You, Jonim — festivalning qorong‘u qismi (industrial texno, traybl-beys, hardkor va trans);
  • Lighthouse — festivalning yorqin tomoni (issiq xaus-ritmlar, progressiv va dab-texnosi);
  • #BackToMuynak — ochiq sahna, mahalliy artistlar;
  • Aq Keme — tajribalar uchun sinov maydoni (avangard layvlar va DJ`lar to‘plamlari).

Tadbir ishtirokchilari musiqiy chiqishlardan tashqari an’anaviy tarzda mahorat darslari, master-klasslar, shuningdek, barqaror rivojlanish va ekologiyaga bag‘ishlangan “Stixiya N+1” forumida ham qatnashadi.

Bu yilgi musiqiy guruh tarkibida butun dunyodan 50 dan ortiq san’atkorlar — xalqaro elektron musiqa sahnasining ustalaridan tortib eksperimental guruhlargacha bor. Festivalda bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston va Qozog‘istonning uchta musiqiy guruhi — O‘zbekistondan Frumos va Sublimation, Qozog‘istondan ZVUK o‘z dasturlarini taqdim etadilar.

Tadbir tashkilotchilari bu yil Deena Abdelwahed (Tunis/Fransiya), Galya Bisengalieva (Qozog‘iston/Buyuk Britaniya), Masayoshi Fujita (Yaponiya), PTU (MDH) va Sign Libra (Latviya) kabi elektronika musiqa ustalari — DJ`larni taklif qilishdi. Ularining so‘zlariga ko‘ra, hozirda artistlar ro‘yxatini kengaytirish davom etmoqda.

Festival O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda yetakchi xalqaro ekspertlar ko‘magida ekologiya sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va yechim topish uchun platforma yaratish maqsadida o‘tkazilmoqda.

“Biz barcha tashrif buyuruvchilarni tabiatga hurmat bilan qarashga, chiqindilarni utilizatsiya qilishga va nimani qaysi qutiga tashlayotganlariga diqqat qilishga chaqiramiz. Chunki festivalda chiqindilarni saralashning alohida turi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, qayta ishlatiladigan termoslarni tanlash orqali plastikdan foydalanishni kamaytirishingizni so‘raymiz. Xavfsizlik va tibbiy yordam kafolatlangan, lekin shaxsiy javobgarlik va buyumlaringiz xavfsizligini unutmang”, — deya qo‘shimcha qiladi tashkilotchilar.

5−8-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan festivalga chiptalar rasmiy veb-saytda mavjud: stihia.org.