Aprel oyi oxirida AQSh hukumati G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga hujum paytida qo‘llanishi mumkinligidan xavotirlanib, Isroilga 3500 ta bomba yetkazib berishni to‘xtatdi, deb yozadi New York Times va AP nashri.

Ularga ko‘ra, prezident Jo Bayden 1,8 ming 900 kilogrammlik va 1,7 ming 225 kilogrammlik bomba yuklarini yetkazib berishni to‘xtatgan. Qo‘shma Shtatlar bir milliondan ortiq falastinlik qochqinlar boshpana bo‘layotgan Rafahning zich shahar muhitida isroillik harbiylar bunday yirik bombalardan foydalanishidan xavotirda, deya ta’kidlaydi AP.

Prezident ma’muriyati hozirda qurol-yarog‘larni, jumladan, kuzatuv tizimlarini yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yishni ham ko‘rib chiqmoqda, deya xabar beradi NYT manbalari.

Axios 5-may kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatganini yozdi — bu 2023-yil 7-oktabrda HAMAS Isroil hududiga hujum qilganidan beri birinchi marta sodir bo‘ldi. Nashr suhbatdoshlarining aniqlik kiritishicha, bu qadam Isroil hukumatida jiddiy xavotir uyg‘otgan.

Axios`ning qayd etishicha, Bayden Isroilni qo‘llab-quvvatlashga qarshi chiqqan Amerika jamoatchiligining keskin tanqidiga duchor bo‘lmoqda. Fevral oyida Oq uy Isroildan G‘azo sektoridagi isroillik harbiylar Amerikada ishlab chiqarilgan qurollardan xalqaro qonunlarga muvofiq foydalanishi haqida kafolat berishni so‘ragan edi. Mart oyida Isroil kafolat xatini imzoladi.

NYT manbasining aytishicha, AQSh prezidenti ma’muriyati o‘tgan oy Isroil hukumati Rafahda harbiy operatsiya o‘tkazishga qaror qilgani aniq bo‘lgach, Isroilga qurol yetkazib berishni ko‘rib chiqishni boshlagan. Bayden dastlab Isroil tinch aholi qurbonlarini kamaytirish rejasisiz Rafahga bostirib kirmasligi kerak, deb hisoblagan, biroq Oq uy so‘nggi haftalarda bunday rejaning amalga oshishiga umuman ishonmasligini aytgan.

7-may kuni Isroil mudofaa kuchlari (IMK) G‘azo sektoridan Rafah nazorat-o‘tkazish punkti ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida e’lon qildi. Isroil harbiylari Rafahda qolgan HAMAS batalonlarini yo‘q qilish uchun “maqsadli” operatsiya boshlaganini aytdi. Bir kun avval IMK Rafax sharqida aholini shahardan 20 km uzoqlikda joylashgan “kengaytirilgan gumanitar hudud”ga evakuatsiya qilishga chaqirgan edi.