O‘zbekiston prezidenti 9-may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 79 yilligi munosabati bilan xalqqa tabrik yo‘lladi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

“O‘sha og‘ir yillarda frontga safarbar etilgan 1 million 950 mingdan ziyod o‘zbekistonlik jangchilardan 538 mingdan ko‘prog‘i halok bo‘lgani, 158 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qolgani, 870 mingdan oshig‘i turli jarohatlar olgani, 60 ming nafardan ziyodi esa nogiron bo‘lib qaytgani bu g‘alaba biz uchun naqadar qimmatga tushganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ana shu qirg‘inbarot urush xalqimiz qalbida qoldirgan bitmas jarohatni, oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hamon unutib bo‘lmaydi”, — dedi prezident.

Qayd etilishicha, urush davrida 214 ming askar va ofitser jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan, ularning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafari uchala darajadagi “Slava” (“Shuhrat”) ordeniga sazovor bo‘lgan

“Metin irodali xalqimiz o‘sha tahlikali yillarda front ortida sabot va matonat bilan mehnat qildi. Sanoat korxonalarining faoliyati front ehtiyojlari uchun yo‘naltirildi. Urush alangasi ichida qolgan hududlardan mamlakatimizga 170 dan ortiq zavod va fabrika ko‘chirib keltirildi va qisqa muddatda ularning faoliyati qayta tiklandi. El-yurtimiz front uchun juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berdi. O‘zbekiston aholisi 1941−1943-yillarda mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablag‘ni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani g‘alabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa bo‘lib qo‘shildi”, — deya eslatdi Shavkat Mirziyoyev.

Uning ta’kidlashicha, o‘zbek xalqi urush hududlaridan evakuatsiya qilingan 1 million 500 mingga yaqin insonga boshpana berib, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolaga mehr-oqibat ko‘rsatib, “yuksak odamiylik fazilatini namoyon etgan”.

Prezident o‘z tabrigida poytaxtdagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi qisqa vaqt ichida qutlug‘ qadamjoga aylanganiga to‘xtalib o‘tdi.

“Shu kungacha bu yerga 2 million 200 ming nafardan ziyod ziyoratchi tashrif buyurib, uni katta qiziqish va e’tibor bilan tomosha qilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Majmua jamoasi tomonidan ellikka yaqin kitob-albom va monografiyalar, noyob hujjatlar to‘plamlari yaratilib, hozirga qadar noma’lum bo‘lgan yuzlab tarixiy faktlar aniqlanib, jamoatchilikka yetkazildi”, — dedi u.

Qad etilishicha, “Bobomni izlayman” loyihasi doirasida urushda ishtirok etgan 2 million nafarga yaqin vatandoshning ro‘yxati shakllantirilgan. Kelib tushgan 300 dan ziyod murojaat bo‘yicha urushda bedarak ketgan 200 nafar jangchining taqdiriga oid muhim ma’lumotlar to‘plangan.

“Muhtaram urush faxriylari xalqimizning doimiy e’tibori va e’zozida bo‘lib kelmoqdalar. Jumladan, yolg‘iz yashayotgan urush va mehnat faxriylari, istiqlolimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning uy-joylari ta’mirlanib, obod qilinmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga patronaj xizmati va zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda. Ular o‘z xohishlariga ko‘ra sanatoriylarda davolanmoqda. Hech shubhasiz, biz bugungi ozod va erkin hayot uchun aziz jonini ayamasdan kurashgan bunday ulug‘ insonlar oldida doimo qarzdormiz, ular uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib beramiz”, — dedi prezident.

U, shuningdek, “hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda” yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, turli zararli ta’sirlardan himoya qilish, tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik va ahillikni asrashdek o‘ta muhim vazifalarni bajarishda qahramon faxriylarning jasorati, shonli an’analari hamisha ibrat maktabi bo‘lishini qayd etdi.

“Biz ulardan ruh va kuch olib, Vatan himoyachilari, tinchlik posbonlari, yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lishdek yuksak burchimizni, albatta, sharaf bilan ado etamiz”, — dedi davlat rahbari.