Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi Isroilning poytaxtdagi elchixonasiga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 2-bosqichda o‘qiydigan 19 yoshli talabasiga nisbatan hukm chiqardi. “Gazeta.uz” sud qarorini o‘rgandi.

Ish materiallariga ko‘ra, 19-aprel kuni taxminan soat 04:30 larda A.A. sport sumkasiga bir shisha kerosin, gantellar, ikki quti gugurt va mato bo‘laklarini joylab, velosipedda elchixonaga borgan. Uning harakatlari diplomatik vakolatxona yaqinida joylashgan Yakkasaroy tumani IIB xodimlari e’tiborini tortgan.

Xodimlar yigitdan to‘xtashni so‘ragan, biroq u qochishga uringan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari uni xizmat mashinasida kuzatib, to‘xtatib, ichki ishlar bo‘limi binosiga olib borib, sumkasi ichidagi narsalarni ko‘rsatishni so‘ragan. Talaba ularning e’tiborini chalg‘itib, bir shisha kerosin va gantelni olib, elchixona tomon yugurgan. Elchixona binosini qo‘riqlayotgan IIV va Milliy gvardiya xodimlari yigitni bino eshigi yaqinida qo‘lga olgan, biroq u shisha va gantelni devordan otib, elchixona hovlisiga tashlashga muvaffaq bo‘lgan.

Sudda ayblanuvchi 2023-yil oktabr oyi o‘rtalarida Isroil va Falastinning G‘azo sektoridagi qurolli mojarosi haqida videolar tomosha qila boshlaganini, buning natijasida “Isroildan nafratlangani va qasos olish maqsadida bu davlatning Toshkentdagi elchixonasiga o‘t qo‘yishga qaror qilganini” aytgan.

“Avvaliga u bir shisha kerosinni devor ustidan elchixona hovlisiga tashlamoqchi bo‘lgan. Keyin esa kerosinga mato botirib, gantellarga o‘rab, olov yoqib, elchixonaga o‘t qo‘yish uchun hududga tashlashni rejalashtirgan… U odamlarga va elchixonaga zarar yetkazish niyati bo‘lmaganini, shunchaki Isroil davlati Falastindagi shifoxonani bombardimon qilgani uchun norozilik bildirmoqchi bo‘lganini ma’lum qildi. U o‘z harakatlarining noto‘g‘riligini tushunganini aytdi”, — deyiladi sud qarorida.

Ayblanuvchi O‘zbekiston prezidenti va xalqidan, shuningdek, Isroil elchixonasidan kechirim so‘ragan. U o‘z aybini to‘liq tan olgan.

Sud talabani Jinoyat kodeksining 155-moddasi 1-qismi (terrorizm / 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan aybdor deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.