«U hozir uxlayapti».

115-xona eshigidagi oynadan g‘ildirakli karavotning bir cheti, momiq gilam va ikki juft shippak ko‘zga tashlanadi. Och pushti ranglisi Taskin bolalar xospisining ilk bemori D.ga tegishli. Unga chap tomonlama parafaringeal rabdomiosarkoma — eng ko‘p o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydigan xavfli o‘sma tashhisi qo‘yilgan. D. esa hozirda sakkiz yoshda.

«Ikki soat oldin kirgandim. Oqargan, lablari ko‘kimtir. Juda sokin. Nimadir bezovta qilyaptimi, deb so‘rayman. „Yo‘q, hecham og‘rigani yo‘q“, deydi. Saturatsiyasiga qaradim — 90, bu kam. Yurak urishi 154 — bola uchun juda ko‘p. Ahvoli og‘ir», — deydi shifokor Inoyat Ziyayeva.

O‘tgan yilning bahorida D.da limfa tugunlari kattalashgan. Shifokorlar unga limfadenit tashxisini qo‘yishdi. Davolanish natija bermaganidan keyin ota-onasi yana poliklinikaga murojaat qilishdi. Shahar onkologiyasiga yo‘llanma olishdi.

Bir yilu to‘rt oy davomida D. olti marta poliximioterapiya va nur kursini oldi, o‘simtani olib tashlash bo‘yicha jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazdi. Saraton chekinmadi. Limfa tugunlaridan metastazlar o‘ng o‘pkaning yuqori va o‘rta bo‘laklariga, shuningdek, bo‘yinga tarqaldi.

«Men uni eshitdim. Nafas olish qiyin, amforik. Bu bo‘sh shishaga puflaganingizda chiqadigan tovushga o‘xshaydi. Bu o‘pka o‘z ishini bajara olmayotganda sodir bo‘ladi, — deb tushuntiradi Inoyat Dehqonovna.

D. o‘zi tanlagan palataga joylashib olgandan so‘ng darhol qizaloq kislorodga ulandi. Tushlik vaqtida ovqatlantirishdi.

«Bir soat bo‘lmasdan ahvoli qanday ekan, deb uni ko‘rishga bordim. Palataga kirdim — hech kim yo‘q. Qiz qani? U o‘yin xonasida ekan. D.ning kislorodsiz ekanini ko‘rishim bilanoq mazam qochib qoldi. Darhol barmog‘idagi pulsoksimetrga qarayman — saturatsiya 83. Bolaga qarayman: u o‘yinchoqlarga qo‘l cho‘zyapti, hamma narsa qiziq. Brar ekan, nafasi yetishmayotganini sezmasdi ham. Palataga qaytishdan bosh tortadi. Unga kislorod yostiqchasini berdim. Qiz yetarlicha o‘ynadi, hozir tinchgina uxlayapti».

Pushtirang shippaklar yonidagi past poshnali qora shippaklar D.ning onasiniki. U xospis shifokorlari va psixologlari bilan u yer qanday joy ekanligi va ular nima uchun bu yerdaliklari haqidagi og‘ir va muhim suhbatdan so‘ng qizchasining oldida dam olmoqda.

Qiz bilan birga ota-onasi, xolalari ham Taskin`ga kelishdi. Ular davolangan shifoxona tozalash ishlarini o‘tkazish uchun yopilgan. Kelar-kelmas ultimatum ohangida: «Biz davolanishni davom ettirmoqchimiz», — deya ta’kidlashdi.

«Qovog‘i solingan, xayollari parishon. Ular farzandimga nimadir qilib qo‘yishmaydimi, degandek bizdan ko‘z uzmay turishardi. Hozir o‘ylaymanki, xospis, bu — faqatgina o‘ta og‘ir bemor bolalar uchun og‘riqsiz hayot emas. U ota-onalarga ham ruhiy iztiroblarga dosh berish, ichki o‘lim jarayonini to‘xtatishlari uchun ham kerak», — deydi Inoyat Ziyayeva.

Xospis rahbari, onkolog Rustam Narbayev hamkasbining fikriga qo‘shiladi. U tibbiyot sohasidagi butun faoliyati davomida birinchi marta bemorlarning yaqinlariga nisbatan insoniy munosabatni ko‘rganini tan oladi. Psixolog va ijtimoiy xizma xodimi D.ning ota-onasi bilan suhbatlashdi. Odamlar xuddi qarindoshlardek quchoqlashib yig‘lashardi.

«O‘zbekistonda ijtimoiy muassasa sifatida xospislar bo‘lmagani uchun og‘ir xastalik bilan kasallanganlarning yaqinlariga hech qachon psixologik yordam ko‘rsatilmagan. Ularga kasallik haqidagi to‘liq haqiqatlar aytilmagan. Bizning jamiyatimizda o‘lim mavzusini ko‘tarish odatiy hol emas. Termal davrda — bemor va uning qarindoshlari uchun eng og‘ir vaqt — odamlar uylariga jo‘natilar, u yerda ular og‘riq va chorasizlik, yaqin odamga yordam bera olmaslik dardi bilan yuzma-yuz qolishardi. Xospis bilan birgalikda bunday oilalar hayot sifatini yaxshilaydigan ishonch va qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘ladi», — deya tushuntiradi Rustam Narbayev.

Taskin`da xospis — o‘lim yaqinlashtirilmaydigan, shu bilan birga, undan uzoqlashtirilmaydigan joy ham ekanligi aytiladi. Uning devorlari ortida ular o‘limni tabiiy jarayon va hayotning muqarrar qismi sifatida qabul qilishga o‘rgatiladi. Palliativ yordam, kurativ (tibbiy) yordamdan farqli o‘laroq, kasallik bilan emas, balki surunkali og‘riqlar va boshqa bezovta qiluvchi alomatlar bilan kurashadi. Bu ba’zilarga qo‘rquv va azob-uqubatlarsiz munosib ravishda ketishga, boshqalarga esa muqarrarni qabul qilishga hamda qayg‘udan keyin yashashni davom ettirishga kuch topishga imkon beradigan tibbiy, ijtimoiy va psixologik yordamni o‘z ichiga oladi.

Onkolog Yahyo Ziyayev 2008 yildan buyon O‘zbekistonda palliativ yordam va xospislarni rivojlantirish zarurligi haqida gapirib keladi. Uzoq vaqt davomida mahalliy sog‘liqni saqlash tizimi mentalitetga ishora qilib, hech kim o‘layotgan yaqinlarini xospisga bermaydi — bu xiyonat, degancha yondashuvning afzalliklari to‘g‘risidagi tortishuvlarni «yo‘qqa chiqardi».

Onkolog Yahyo Ziyayev va Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Zexavit Ben-Xillel Taskin xospisi ochilishida.

Ziyoyevning hamkasblaridan biri Rustam Narbayevning o‘zi ham bir paytlar shunday fikrda edi.

«Andijon tibbiyot institutida beshinchi kursda o‘qiyotgan edim, Yahyo Fazliddinovich bizga palliativ yordam bo‘yicha ma’ruzalar o‘qidi. O‘zbekistonda xospislar g‘oyasi menga g‘alati tuyulgani uchun bahslasha boshladik. Og‘ir kasal qarindoshingni kasalxonada qoldirish — bu qanaqasi?» — deb Rustam Narbayev.

Yosh mutaxassis Andijon onkologiya markaziga amaliyotga kelib, onkologik bemorlarning og‘riqdan azob chekayotganini ko‘rganidan keyingina hammasi o‘zgardi. Onkolog xospis g‘oyasiga qaytdi va uning yordami bilan ko‘p odamlarga yordam berish mumkinligini tushunib yetdi. Masalan, giyohvandlik og‘riq qoldiruvchi vositalar va morfinni tarqatish tizimini tashkil qilish va soddalashtirish.

«Biz hammani davolay olmaymiz — umidsiz vaziyatlar bo‘lib turadi. Ammo hayotning so‘nggi lahzalari kasallikdan oldingidek faol va to‘la bo‘lishiga ishonch hosil qilishimiz mumkin», — deydi Rustam Narbayev.

Rustam Narbayev.

2016 yilda mamlakatimizda palliativ yordamni rivojlantirish tarafdori bo‘lgan onkologlarning fikrlari tinglandi. 2017 yil aprel oyida «2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisiga onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va onkologik yordamni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilingan edi. Unda reabilitatsiya va palliativ yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimini, shuningdek, xospislarni yaratish onkologik xizmatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Shahar hokimligi tomonidan quriladigan birinchi xospis 2019 yilda ochilishi kerak edi. Natija bo‘lmadi. 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi butun dunyoni qamrab oldi. Onkologlar virusga qarshi himoya kostyumlarini kiyib, yashash va hayotni saqlab qolish uchun Zangiota-2ga ko‘chib o‘tdilar. Narbayev bemorlarni davoladi va 6B bo‘limiga rahbarlik qildi, Ziyayev esa bosh statits bo‘lib ishladi.

O‘tgan yili koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishning o‘sishi pasaygach, Yahyo Fazliddinovich Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga qaytdi. Keyin esa birdagina kasal bo‘lib qoldi. Shifokorlar farzandi, bolaligi Andijon onkologiya markazida o‘tgan mutaxassis o‘lim qo‘rquvini birinchi marta his qilganini tan oldi.

«Menga bir narsa bo‘lib qolsa, ertaga nima bo‘ladi, deb o‘yladim. Hech narsa. Axir qancha orzular qilgandim, rejalarim bor edi. Hamma narsani yarim yo‘lda qoldirib bo‘lmaydi», — deydi Yahyo Ziyayev.

(Chapdan o‘ngga) Elmira Bositxonova, Ulug‘bek Sobirov, Zexavit Ben-Xillel va Dafna Kfir-Furman.

U xospis g‘oyasini amalga oshirishga qaytdi — va shaharda unga yaqin odamlar borligi ma’lum bo‘ldi. Onkologga Ezgu Amal xayriya jamg‘armasi vasiylik kengashi a’zosi Aziza Umarova va boshqaruv raisi Munira Xodjaxonova yordam berishdi. Ular yordam so‘rab Isroil elchixonasiga murojaat qilishdi. Elchi Zexavit Ben-Xillel bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va u O‘zbekistonda birinchi bolalar xospisini tashkil etishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Elchixona xodimi, Isroilning eng yirik davlat tibbiyot markazi — Xaima Shiba nomidagi markazning Saraton kasalxonasining sobiq ijtimoiy xodimi Dafna Kfir-Furman Jarayonning harakatlantiruvchi kuchi bo‘ldi. Taskin`da u tibbiyot xodimlarini tayyorlashga mas’uldir.

Aziza Umarova.

«Isroil elchixonasi va biz bilan ishlagan Dafna sharofati bilan sinov va xatolarning uzoq yo‘lidan yurmadik, balki eng qiyin yo‘lni tanladik va o‘quv jarayonini minimal darajaga tushirdik. Palliativ tibbiyot bo‘yicha isroillik mutaxassis doktor Ron Sabar O‘zbekistonga trening o‘tkazish uchun keldi. Bugun biz xospis haqida gapirganda, biz binoni nazarda tutmaymiz. Xospis deganda diagnostika va simptomatik davolash uchun belgilangan protokollar, bemorlar va ularning oila a’zolari bilan to‘g‘ri muloqot qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar tushuniladi», — dedi Aziza Umarova xospis ochilishida.

Zangiota-2 massivlaridan birida bolalar xospisini joylashtirish g‘oyasini shifoxona direktori Doniyor Mirazimov qo‘llab-quvvatladi. Yakuniy bosqichga o‘tish uchun davlat va Sog‘liqni saqlash vazirligidan yordam so‘rash qoldi. Vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova ishtirokida shifokorlar, Ezgu Amal jamg‘armasi vakillari va vazir Behzod Musayev ishtirokida xospis entuziastlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Xospis psixologi Kamilla To‘raxo‘jayeva va Zangiota-2 shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov.

Uch oy o‘tgach, Taskin ochilishini e’lon qildi va birinchi bemorlarni qabul qildi. Bu ko‘ngillilar tufayli amalga oshirilgan mo‘’jiza sifatida aytiladi: kompaniyalar va oddiy fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda yordam so‘rab murojaat qilishdi. Ishga yuzlab qo‘llar qo‘shildi. Hududni obodonlashtirishdi, ko‘chatlar ekish va ayvonlar o‘rnatish, qurilish materiallari, o‘yinchoqlar sotib olish va olib kelish, palatalar va yo‘laklarning kulrang devorlarini bo‘yash. Kulayotgan jirafalar, kitlar, meshqorin birshoxlar va kosmonavtlarni ko‘rgan yuzlarga tabassum yuguradi. Tibbiyot xodimlari oq xalat o‘rniga bolalar pijamasiga o‘xshagan va buyurtma asosida tayyorlangan forma kiyishadi.

Taskin kasalxonaga unchalik o‘xshamaydi. Ko‘proq parvarish, ovqatlanish va quchoq ochuvchi zamonaviy uy yoki tibbiy mehmonxona desak bo‘ladi. 20 ta palataning har birida ikkitadan karavot mavjud bo‘lib, ulardan biri funksional tibbiy yotoq. Shuningdek, muzlatgich, televizor, stol va stullar, shkaf, alohida hammom mavjud. Xospisda umumiy o‘yin xonasi, kutubxona, psixolog va ijtimoiy ishchi xonalari joylashgan.

Kelgusida bo‘sh binolarni kinoteatr, ijodiy mashg‘ulotlar uchun sinfga aylantirish rejalashtirilgan. Hududda qishki bog‘ va suzish havzasi quriladi. Bu rejalarning amalga oshish-oshmasligi homiylarga bog‘liq.

«Xospisni o‘lim joyi deb o‘ylash katta xato. Bu yerda asosiysi — hayot. Bolaning kasallik tufayli tark etgani. Xospis yaxshilanishiga umid bermaydi — unday bo‘lmaydi. Ammo bu to‘shakda yotib, hammasi tugashini kutishimiz kerak degani ham emas. Biz bolalarning bu yerda o‘tkazadigan har bir kunini bayram sifatida nishonlaymiz. Har bir daqiqa muhim. Farzandlarimiz ketadi, lekin undan oldin qiladigan juda ko‘p ishimiz bor: yangi kitob o‘qiymiz, muzqaymoq yeymiz, zavqlanamiz. Bu nafaqat bemorlar uchun, balki yashashda davom etayotganidan o‘zlarini aybdor his qilmasdan, yangi voqelikni qabul qilishga yordam beradigan ota-onalar uchun ham muhim», — deydi Dafna Kfir-Furman.

U tez-tez: «Modomiki tibbiyot boshqa hech narsa qila olmas ekan, yashaylik», — deydi va Taskin yashamoqda. Uning xodimlari bemorlar bilan ishonchli munosabatlar o‘rnatishni o‘rganmoqda hamda xospisdagi asosiy «dorilar» yurak va qalb ekaniga ko‘nikishmoqda. Bu yerda, so‘nggi bekatda odamlar har qachongidan ham bir-biriga muhtojroq. Bu palliativ yordamning mohiyatidir hamda xospisdagilar uning paydo bo‘lishi sog‘liqni saqlash tizimi, jamiyatdagi katta va muhim o‘zgarishlarning boshlanishi bo‘ladi, deb hisoblashadi.