8-may kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida OTMga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini shakllantirish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan so‘ng vazir Kongratbay Sharipov OAV vakillarining savollariga javob qaytardi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Jurnalistlarning “Oliy ta’lim muassasalarida rektorlarni saylash tizimini yo‘lga qo‘yish rejasi bormi, bu masala ko‘rib chiqilmayaptimi?” degan savoliga vazir quyidagicha izoh berdi:

“Bu masala bo‘lgan. „O‘zbekiston — 2030“ strategiyasiga ham rektorlarni saylash masalasi kiritilgan, bu hozirgi kunda muhokamada, hali bu bo‘yicha qaror qabul qilinmadi. Ammo xalqaro standartlarda, ko‘plab chet el davlatlarida oliy ta’lim muassasalari rektorlari besh yilga saylanadi va kengash hal qiladi”, — dedi vazir.

Vazirlik rahbaridan rektorlarni saylash masalasi bo‘yicha shaxsiy fikri ham so‘raldi.

“Menimcha, biz hozir [rektorlarni saylashga] tayyor emasmiz, bunga vaqt kerak. Bilasizlar, bizning o‘zimizga yarasha mentalitetimiz bor. Qachonki jamoatchilik nazorati yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, keyin bunaqa ishlarni qilsak bo‘ladi. Bunga vaqt kerak. Hammamiz shunday ishlashimiz kerakki, o‘zimizning ishimizni ko‘ngildagidek bajarsak, oldimizga qo‘yilgan vafizalarni sifatli bajarsakkina tizimimiz yaxshilanadi. Shunga erishganimizda rektorlar [oliy ta’lim muassasalarining] jamoatchilik kengashi yoki ilmiy kengashi tomonidan saylansa, zo‘r bo‘ladi”, — dedi Kongratbay Sharipov.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorda rektorlarni saylash masalasi qayd etilgan. Xususan, 2023-yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasida oliy ta’lim tashkilotlarining moliyaviy mustaqilligini takomillashtirish va rektorlarni saylash tizimini joriy qilish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Ijro muddati esa 2023-yil oktabrigacha etib belgilangan. Bunga mas’ul ijrochi sifatida esa sobiq vazir Ibrohim Abdurahmonov hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari keltirib o‘tilgan.