Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonga kirish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilgani munosabati bilan mamlakatga kirmoqchi bo‘lgan fuqarolarga murojaat bilan chiqdi.

TIV Qozog‘istonga kirish va chiqishda fuqarolarga barcha zarur hujjatlarni o‘zlari bilan olib yurishni tavsiya qildi.

“Shu bilan birga, O‘zbekiston-Qozog‘iston yoki Rossiya-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishda nafaqat Qozog‘istonga, balki Rossiya Federatsiyasiga ham kirishda hech qanday to‘siqlar yo‘qligiga oldindan ishonch hosil qilish lozim, chunki Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi ma’muriy va jinoiy ishlar bo‘yicha qarorlarni o‘zaro tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi kelishuvlarga muvofiq Qozog‘istonning vakolatli organlari Rossiya Federatsiyasining migratsiya va boshqa qonun hujjatlarining buzilishi yoki to‘lanmagan jarimalar mavjudligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazadilar”, — deya ta’kidladi vazirlik.

Xabarda aytilishicha, agar RFda bo‘lish davrida qayd etilgan qoidabuzarlik yoki to‘lanmagan jarima aniqlansa, Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston fuqarosining mamlakatga kirishi yoki chiqishini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

Vazirlik muammolar yuzaga kelmasligi uchun Rossiya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasining rasmiy veb-sayti “Xizmatlar” bo‘limida maxsus onlayn shaklni to‘ldirish orqali Rossiyaga kirish uchun taqiq mavjud yoki mavjud emasligini tekshirishni tavsiya qildi.