Afrika janubi-sharqidagi Malavi vitse-prezidenti aviahalokat oqibatida vafot etdi, deb yozmoqda Reuters.

51 yoshli Saulos Chilima va yana to‘qqiz kishi bo‘lgan samolyot 10-iyun, dushanba kuni poytaxt Lilongvedan sobiq adliya vaziri Ralf Kasambaraning dafn marosimi bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Mzuzu shahriga uchayotgan bo‘lgan. Ko‘rinishning yomonlashuvi sababli samolyot radar ekranlaridan g‘oyib bo‘lgan.

Ko‘p o‘tmay, samolyot qoldiqlari tog‘li hududdan topilgan. Malavi prezidenti Lazarus Chakvera 11-iyun kuni bortdagilarning barchasi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Malavi vitse-prezident mamlakatdagi ikkinchi oliy mansabdor shaxs hisoblanadi. U AQShda bo‘lgani kabi prezident bilan birgalikda saylanadi. Chilima 2014-yildan beri vitse-prezident lavozimini egallab kelayotgandi.

Qayd etilishicha, marhum vitse-prezident 2025-yilgi saylovlarda prezidentlikka nomzod bo‘lishi kutilayotgandi. Chilima 2022-yilda poraxo‘rlikda ayblanib hibsga olingan. Biroq 2024-yil may oyida ishni to‘xtatish to‘g‘risida bildirishnoma yuborilganidan so‘ng Malavi sudi unga qo‘yilgan ayblovlarni bekor qilgan, Chilima esa aybini rad etgandi.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgandi. Prezidentdan tashqari, tashqi ishlar vaziri hamda Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori ham aviahalokat qurboni bo‘lgan.