Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining savdo vakili Ketrin Tayni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingani qayd etildi.

Ishbilarmonlik aloqalari faollashgani, o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar ko‘rsatkichlari barqaror o‘sayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

ақш savdo vakili, кэтрин тай

AQShning Air Products, Coca-Cola, Citibank, Visa va boshqa ko‘plab yetakchi korxonalari va banklari bilan kooperatsiya aloqalari rivojlanayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi, GSP tizimini qayta tiklash, C5+1 formati hamda Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim doirasida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.

Sanoat kooperatsiyasi uchun yangi sohalarni aniqlash va tegishli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma platformani ishga tushirish muhim ekani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, 12-iyun kuni savdo vakili Samarqandga tashrif buyuradi. U yerda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashib, shaharning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qiladi.

Ketrin Tay 12−13-iyun kunlari Ostonaga tashrif buyurishi rejalashtirilgan, u yerda AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi Savdo va investitsiyaviy hadli bitim (Trade and Investment Framework Agreement, TIFA) yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.