O‘zbekistonda may oyida aholining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oy darajasida saqlanib qolib, 14 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati infografikasida ma’lumot berildi.

Aholi uchun inflyatsion kutilmalarga eng ko‘p ta’sir qiluvchi omil bu oy ham aprel oyidagi kabi kommunal xizmatlarning qimmatlashishi bo‘lib turibdi. Keyingi asosiy omillar sifatida valyuta kursining o‘zgarishi, yonilg‘i va energiya narxining qimmatlashishi, monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi qayd etilgan.

Aprel oyi bilan solishtirganda, kelgusida narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida kommunal xizmatlar hamda yonilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishini qayd etgan respondentlar ulushi biroz oshgan. Valyuta kursining o‘zgarishi hamda asosiy oziq-ovqatlarning qimmatlashishini omillar sifatida belgilagan respondentlar ulushi kamaygan.

Infografika: Markaziy bankInfografika: Markaziy bank

Tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan pasayib (-0,6 foiz), 12,7 foizga teng bo‘ldi. Kelgusida narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omilllar sifatida kommunal va transport xizmatlarining qimmatlashishi hamda soliq yukining yuqoriligini qayd etgan tadbirkorlar ulushi oshgan. Valyuta kursining o‘zgarishi, yonilg‘i-energiya resurslar va xomashyo narxlarining o‘sishini belgilagan tadbirkorlar ulushi kamaygan.

inflyatsion kutilmalar

Sohalar kesimida eng pessimistik kutilmalar tibbiyot (16,8 foiz), axborot texnologiyalari va OAV (15,2 foiz), davlat tashkiloti (14,9 foiz) hamda bank-moliya sohalari (14,5 foiz) vakillari tomonidan bildirilgan bo‘lsa, eng past kutilmalar talabalar (12 foiz), umumiy ovqatlanish (10,6 foiz) va savdo sohalari (10,5 foiz) vakillari tomonidan qayd etilgan.

Tadbirkorlar orasida esa eng yuqori inflyatsion kutilmalar ta’lim (14,5 foiz), qurilish (13,7 foiz) va savdo sohasida (13,1 foiz) faoliyat olib boradiganlar tomonidan qayd etilgan. Eng optimistik kutilmalarni turizm (11,6 foiz), tashish xizmatlari (11,2 foiz) va qishloq xo‘jaligi sohasidagi (11 foiz) tadbirkorlar bildirgan.

inflyatsion kutilmalar

Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida (18,6 foiz) kuzatildi, eng past kutilmalar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida (11,9 foiz) yashovchi respondentlar tomonidan qayd etildi. Tadbirkorlarda ham eng yuqori inflyatsion kutilmalar Toshkent shahrida (16 foiz), eng past kutilmalar esa Qoraqalpog‘istonda faoliyat olib boradigan tadbirkorlar (9,7 foiz) tomonidan qayd etilgan.

inflyatsion kutilmalar

Daromadlari 5 mln so‘mdan yuqori va daromadga ega bo‘lmagan aholining inflyatsion kutilmalari nisbatan yuqori darajada shakllangan.

inflyatsion kutilmalar

Toshkent shahridagi respondentlarning 40 foizi kelgusi 12 oy ichida inflyatsiya 8 foiz va undan kamroq bo‘lishiga ishonmoqda. Qolgan 60 foiz ishtirokchilar esa bundan yuqoriroq inflyatsiya darajasini kutmoqda.

inflyatsion kutilmalar