2024-yilning may oyida, hatto eng issiq kunlarda ham, harorat o‘zining rekord qiymatlariga yaqinlashmadi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.

Agentlik bu yil ob-havo sharoiti nuqtai nazaridan, qulay harorat foni va momaqaldiroqli yomg‘irlar tez-tez kuzatilishi bilan haqiqiy bahor oyi bo‘lganini qayd etdi.

O‘zbekiston hududining katta qismida o‘rtacha oylik havo harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lib, faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida me’yordan 1,5−2 darajaga past bo‘ldi.

Oyning katta qismida kunduzgi havo harorati +25…+30 atrofida bo‘lishi kuzatildi. Havoning qisqa muddatga salqinlashish davrida kunduzgi harorat +17…+22 darajagacha pasaydi, ayrim issiq kunlarda havo +34…+37 darajagacha, janubda +38…+39 darajagacha isidi.

Respublika hududining katta qismida kuzatuvlarning butun qatori uchun may oyi haroratining mutlaq maksimumi +39…+41 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +43…+45 darajani tashkil etdi.

Toshkentda may oyida eng yuqori havo harorati +35 darajani tashkil etdi. May oyidagi eng yuqori harorat oxirgi 30 yil ichida 2004-yilda — +38,6 daraja bo‘lishi kuzatildi, meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun may oyi haroratining mutlaq maksimumi 1902-yilda +39,9 daraja bo‘lishi qayd etilgan.

may, ob-havo, ўзгидромет

O‘tgan may oyida O‘zbekiston hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik taqsimlanishi juda xilma-xil bo‘ldi.

Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik oy davomida me’yordan 1,3−2,8 marta ko‘p bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida ba’zi joylarda — oylik yog‘ingarchilik me’yori juda kam bo‘lgan qurg‘oqchil hududlarda 2024-yilning may oyida yog‘ingarchilik me’yordan 3−4,6 marta ko‘p bo‘lishi kuzatildi.

Farg‘ona vodiysining ko‘p tumanlarida, Qizilqumning shimolida va respublikaning eng chekka janubidagi ayrim hududlarda me’yorga nisbatan eng kam yog‘ingarchilik kuzatildi (me’yordan 10% dan 60% gacha).

Respublikaning ko‘plab hududlari bo‘yicha 2024-yilning may oyi eng nam may oylari beshligiga kirdi.

may, ob-havo, ўзгидромет

Ba’zi kunlarda respublika bo‘yicha kuchli jala yomg‘ir yog‘di, bunda bir necha soat ichida oylik me’yorning yarmigacha yoki undan ko‘proq yog‘ingarchilik bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlarida, Navoiy viloyati va respublikaning janubida ba’zi joylarda bir necha soat ichida yog‘ingarchilik miqdori may oyidagi oylik me’yorning 80% dan 260% gachani tashkil etdi.

Taxiatosh (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), Sho‘rchi (Surxondaryo viloyati) va Minchuqur (Qashqadaryo viloyati) meteostansiyalari hududlarida meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun 2024-yil may oyida kecha-kunduzlik yog‘ingarchilikning maksimal ko‘rsatkichlari rekord bo‘ldi.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida kuchli jala yomg‘irlar yog‘ishi hisobiga sel-suv toshqin hodisalari yuzaga keldi. Barcha sel o‘tishi holatlari O‘zgidromet ogohlantirishlarida ko‘zda tutilgan. Ushbu hodisalar xavfi haqidagi favqulodda xabarlar barcha manfaatdor vazirlik va idoralarga oldindan yuborildi va O‘zbekiston aholisi orasida tarqatildi.