Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-iyun kuni energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda energetika sohasi obyektlari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda davlat rahbari yangi ijtimoiy obyektlarni loyihalashtirishda energiya tejamkorlik bo‘yicha qat’iy talab kiritish vazifasini qo‘ydi. U issiq oylarda ma’muriy va tijorat obyektlarini sovutishga qishdagi bilan bir xil energiya sarflanayotgani ko‘rsatib o‘tdi.

Shu munosabat bilan ma’muriy binolar, ko‘p qavatli uylar, korxona, savdo va servis binolarida energiya samaradorligi bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish topshirildi.

Prezident tarmoq rahbarlari va hokimlarning bu yil elektr va gazni tejash rejasi qoniqarsiz ekanini ta’kidladi. Har bir hokimga 1 tadan tumanni tanlab, elektr va gaz tejash bo‘yicha namuna qilish topshirildi. Ushbu tumanlarda bu yil 750 million kilovatt elektr va 550 million kub metr gaz iqtisod qilinishi kerak.

Tejash yo‘qotishlarni kamaytirish, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga bo‘lishi shart”, — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda bundan buyon ilg‘or tajriba asosida soha va tarmoqlarda energiya samaradorlikni baholash bo‘yicha yangicha tizim amal qilishi belgilandi. Bunda:

  • yiliga kamida 4 million kilovatt elektr yoki 375 ming kub metr gaz sarflaydigan yirik iste’molchilar har uch yilda energiya auditidan o‘tadi;
  • energoinspeksiya har yili yirik iste’molchilar ro‘yxatini e’lon qilib boradi;
  • auditdan o‘tmagan korxonalarga gaz va elektr oshirilgan tarifda yetkaziladi.

Prezident mutasaddilarga yil yakunigacha yangi tizim bilan bog‘liq texnik reglament va normativ hujjatlarni ishlab chiqishni topshirdi.