8-iyun kuni M-39 avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi qismida to‘rtta yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent-Samarqand yo‘nalishida ketayotgan MAN rusumli yuk avtomobilida nosozlik kuzatilgan va haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan.

uzauto motors, avtotreyler

Avtomobil yo‘l chetida to‘xtab turgan yuk mashinasi, so‘ng yengil mashinalar ortilgan avtotreyler va yana bir yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

YHXBga ko‘ra, haydovchilar va yo‘lovchilarga jarohatlar yetmagan, mashinalar esa jiddiy zarar ko‘rgan. Shuningdek, 2 km masofada sun’iy tirbandlik hosil bo‘lgan.

UzAuto Motors kompaniyasining aniqlik kiritishicha, YTHga uchragan avtotreylerda Cobalt va Equinox avtomobillari Surxondaryo viloyatidagi dilerlik markaziga olib ketilayotgan bo‘lgan.

Hodisa oqibatida kompaniyaning 4 ta Cobalt va uchta Equinox avtomobili texnik shikastlangan.

Jizzax viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.