Janubiy Koreyaning Samsung Electronics kasaba uyushmasi kompaniyaning 55 yillik tarixida birinchi marta ish tashlash o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Reuters.

Ish tashlash 7-iyun kuni Seuldagi Samsung ofisi yaqinida bo‘lib o‘tdi. Uni 28 mingga yaqin a’zosi bo‘lgan Samsung Electronics milliy ittifoqi (NSEU) tashkil qildi — bu kompaniya barcha xodimlarining beshdan bir qismi hisoblanadi. Ular ish haqini oshirish va yillik ta’tilga qo‘shimcha kun berishni talab qilmoqda.

“Bugungi ish tashlashdan maqsad rahbariyat bilan mazmunli suhbat qurishdir”, — dedi NSEU matbuot kotibi Li Xen Kuk Reuters agentligiga.

Samsung Electronics ish tashlash kompaniyaning ishlab chiqarish va biznes faoliyatiga ta’sir qilmaganini ma’lum qildi. “Biz ittifoq bilan chin dildan hamkorlik qilamiz va u bilan muzokaralarni davom ettiramiz”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Tahlilchilarning Reuters`ga aytishicha, ish tashlash yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish yoki yetkazib berish jarayoniga tezlik bilan ta’sir qilishi ehtimoldan yiroq, biroq bu kompaniya sun’iy intellekt sohasida o‘z mavqeini mustahkamlashga intilayotgani uchun qo‘shimcha bosim hosil qiladi.

So‘nggi bir necha yil dunyodagi eng yirik mikrosxema ishlab chiqaruvchisi uchun qiyin kechdi, deb ta’kidladi CNN. Koronavirus pandemiyasi davridagi kompyuter chiplarining tarixiy tanqisligi ortidan o‘tgan yili talabning pasayishi yuzaga keldi, chunki global iqtisodiy noaniqlik tufayli iste’molchilarning elektronikaga ishtahasi zaifligicha qolmoqda. Ammo sun’iy intellektning rivojlanishi tufayli kompaniya biznesi yaxshilandi.

May oyida Samsung joriy yilning birinchi choragida operatsion foydasi o‘n baravardan ko‘proqqa o‘sgani haqida xabar berdi. Bu kompaniya Intel (INTC) va Tayvanning TSMC kompaniyalari bilan raqobatlashadigan hududlarda sun’iy intellekt va yuqori sifatli chiplarga bo‘lgan talabning kuchayishi prognozlari fonida sodir bo‘ldi.

Dunyodagi ilg‘or mikrochiplarning aksariyati faqat ikkita joyda ishlab chiqariladi: Tayvan va Janubiy Koreya. Tayvan sanoati kattaroq va ustunroq, Janubiy Koreya esa unga qarshi chiqishga intilmoqda.