7-iyun kuni Daniya poytaxti Kopengagen shahrida bosh vazir Mette Frederiksenga hujum uyushtirildi, deya xabar bermoqda Ekstra Bladet nashri hukumat rahbari idorasiga tayanib.

Bildirilishicha, erkak Frederiksenga Eski shahardagi Kultorvet maydonida hujum qilgan. Bosh vazir “bo‘lgan voqeadan hayratda”. Hukumat rahbari devoni boshqa izoh bermadi.

Bosh vazirning ahvoli yaxshi ekani, ammo sodir bo‘lgan voqeadan “juda hayratda” ekani qayd etildi. Unga hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi.

Ma’lumot uchun, Mette Frederiksen 47 yoshda, u 2019-yil 27-iyundan beri Daniya bosh vaziri lavozimida ishlab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 15-may kuni Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso hujum oqibatida yaralangandi. Siyosatchi Gandlova shahrida hukumat majlisidan chiqqan payti o‘q uzilgan. Fitsoga suiqasd uyushtirishda gumon qilingan 71 yoshli yozuvchi Juray Sintula hujum joyida qo‘lga olingan. Unga 25 yillik qamoq jazosi berilishi kutilmoqda. Sintula o‘z harakatini hukumat siyosatidan rozi emasligi bilan izohlagan. 31-may kuni Fitso kasalxonadan chiqqan.