Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida ayol xorijdagi turmush o‘rtog‘i bilan telefonda janjallashib, kichik yoshdagi o‘g‘lini bo‘g‘moqchi bo‘lgani aks etgan videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB matbuot xizmati izoh berdi.

Qayd etilishicha, Nurafshon mahallasida yashovchi 32 yoshli ayol F.M. qonuniy nikohdan o‘tmagan turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida eriga jahl qilib, voyaga yetmagan farzandiga nisbatan jismoniy kuch ishlatib, qiynagan.

сaмaрқaнд viloyati

Hozirda bolaning sog‘lig‘i va ahvoli yaxshi ekani, mutaxassislar nazoratiga olingani xabar qilindi.

Ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi “a” bandi hamda 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borishga kirishildi.

Ayol ushbu hodisadan keyin bergan intervyusida pushaymon ekan, biroq farzandiga zarar yetkazish maqsadi bo‘lmaganini bildirdi.

“Kechirasizlar. Qilgan ishimdan pushaymonman. Erimga achchiq qilib, shu ishni qildim. Uning u yerda (Rossiyada) xotini bor ekan. Kelaman deb, kelmayapti, nima qilishim kerak… Lekin men bolamni bo‘g‘ganim yo‘q. Qo‘lim mana bunday turgandi (qo‘llari bilan ko‘rsatib — tahr.). Majburlikdan shu ishni qildim. Men bolamga ziyon yetkazishni xohlamayman-ku. Hushidan ham ketgani yo‘q bola, u sog‘lom. Bolam unga kerak bo‘lmasa, menga kerak. Rossiyada turib, bunaqa narsalarni chiqarib yuboryapti erim tomondagilar. Bolamni hech kimga berishni xohlamayman”, — dedi u.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, hodisadan so‘ng u bilan tushuntirish ishlari olib borilgan, shahar hokimligidan unga ish taklif qilishgan.