O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qozog‘istonga ishlash uchun borayotgan va ushbu davlatda bo‘lib turgan fuqarolarni mamlakatda o‘tkazilayotgan noqonuniy migratsiya bo‘yicha reydlardan ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, 3-iyundan Qozog‘istonning barcha hududlarida migratsiya sohasida huquqbuzarlikni aniqlash maqsadida “Nelegal-2024” reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Jarayon davomida mamlakat hududida qonuniy bo‘lib turish va qonuniy mehnat migratsiyasi tartibini buzgan chet el fuqarolariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

“Qonunbuzilish holatlari Olmaota, Ostona, Chimkent shaharlari va Mangistau viloyatida ko‘p uchramoqda. Shu munosabat bilan ushbu davlatga borayotgan va bo‘lib turgan yurtdoshlarimizdan migratsiya qoidalariga rioya qilish so‘raladi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududida 30 kun muddatgacha bo‘lib turishi mumkin. Ammo ushbu davr mobaynida mehnat faoliyatini amalga oshirishi taqiqlanadi. Ishlash uchun ushbu davlatga borgan shaxsdan darhol ishlash va vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olish talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 8-may kuni Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni O‘zbekiston-Qozog‘iston yoki Rossiya-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishda nafaqat Qozog‘iston, balki Rossiya hududiga kirishda ham hech qanday to‘siq yo‘qligiga oldindan ishonch hosil qilish zarurligi haqida ogohlantirgandi.

Sababi Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida ma’muriy va jinoiy ishlar bo‘yicha qarorlarni o‘zaro tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi shartnomalar imzolangan. Shundan so‘ng Qozog‘istonda Rossiya qonunchiligini buzgan o‘zbekistonliklarni ham hibsga olish boshlangani xabar berilgandi.

Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olingan shaxslar Rossiya tomoni mazkur huquqbuzarliklar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilguniga qadar jazoni ijro etish muassasalarida saqlanmoqda.

O‘z navbatida, TIV fuqarolarga Rossiya IIV Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi veb saytidan ushbu mamlakatga kirishga taqiq bor yoki yo‘qligini tekshirishni tavsiya qildi (“Xizmatlar” bo‘limi).