5-iyun kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida 3 kishi suvga cho‘kib, halok bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bir erkak va 2 nafar voyaga yetmagan bola fermer xo‘jaligi yer maydonida joylashgan sun’iy suv havzasiga cho‘milish uchun tushgan.

Hozirda prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

“Bunday ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida cho‘milish ruxsat etilmagan, taqiqlangan, oqim tezligi yuqori bo‘lgan, chuqur, o‘ziga notanish bo‘lgan suv havzalarida cho‘milmaslik qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so‘rab qolamiz”, — deyiladi prokuratura xabarida.

Avvalroq bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova bolalar ehtiyoji uchun xavfsiz cho‘milish havzalari kerakligi haqida gapirgandi. Uning fikricha, bolalarni taqiqlangan joyda cho‘milmaslik haqida ogohlantirishning o‘zi yetarli emas. “Ularning ehtiyoji uchun muqobil xavfsiz cho‘milish havzalari kerak”, — degan ombudsman bu masala bo‘yicha viloyat xokimlariga so‘rov kiritilganini ma’lum qilgandi.