5-iyun kuni Toshkent shahrida bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha “Dalillarga asoslangan harakat” nomli birinchi xalqaro kongress boshlandi, deb xabar berdi O‘zA.

Tadbirda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro bolalar onkologlari jamiyati, Yevropa onkologlar maktabi, xorijiy universitet klinikalari va yetakchi tibbiyot markazlari rahbarlari, xalqaro va milliy ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati vakillaridan iborat 300 dan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda.

Kongressni O‘zbekistonning birinchi xonimi, “Zamin” xalqaro fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ochib berdi. “Bu yerga biz yagona maqsadni ko‘zlab, o‘g‘il-qizlarimizning hayotiga zomin bo‘layotgan eng og‘ir kasalliklardan birini yengish uchun yig‘ildik. Har bir bola yashashga haqlidir. Bolalar kelajakda sog‘lom bo‘lishi, to‘laqonli hayot kechirishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish bizning burchimizdir”, — dedi u.

Ziroat Mirziyoyeva.Ziroat Mirziyoyeva.

O‘zbekiston JSST tomonidan bolalar saratoniga qarshi global tashabbusda ishtirok etish uchun tanlangan maqsadli mamlakatlar o‘ntaligi qatoriga kirgan. Bunda asosiy vazifalar zamonaviy diagnostika usullaridan foydalanishni yaxshilash, saraton va gematologik kasalliklarga chalingan bemorlarni davolash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, terapiya samaradorligi va bolalarning umumiy farovonligini oshirishdan iborat.

Ushbu tashabbus doirasida O‘zbekiston hukumati 2030-yilgacha saraton kasalligiga chalingan bolalarning omon qolish darajasini 60 foizga yetkazish majburiyatini oldi. “O‘zbekiston 2030” strategiyasida saraton kasalligidan erta o‘limni 2,5 barobarga qisqartirish maqsadi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston JSSTning Bolalarni saraton kasalligidan davolash uchun dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha global platformasida ishtirok etish uchun tanlab olindi. Unga asosan saraton kasalligiga chalingan bolalar uchun sifatli dori vositalarini uzluksiz qabul qilish hamda ularni bu yo‘nalishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Dunyoda birinchisi bo‘lgan ushbu platforma JSST va AQShning Sent-Jud bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasining loyihasi bo‘lib, bolalarni saratonga qarshi moliyaviy qiyinchiliklarsiz, xavfsiz, samarali va sifatli dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan.JSST rahbari Tedros Gebreyesus.JSST rahbari Tedros Gebreyesus.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, bolalar orasida saratonning oldini olish, uning yukini kamaytirish va kasallik kechishi oqibatlarini yaxshilashning eng samarali strategiyasi — o‘z vaqtida va to‘g‘ri tashxis qo‘yish, so‘ngra samarali dalillarga asoslangan davolash va shaxsga yo‘naltirilgan yordam ko‘rsatish.

Uch kun davom etadigan xalqaro kongress ishtirokchilari eng so‘nggi ilm-fan yutuqlari, ilg‘or diagnostika va davolash usullarini, tibbiy yordam sifatini oshirish masalalarini muhokama qiladi.

Bolalar onkologik va gematologik kasalliklarini samarali davolashni ta’minlash uchun uning “Harakatga rag‘bat” jamoaviy deklaratsiyasi qabul qilinishi va tarqatilishi ko‘zda tutilgan.