6-iyun kuni Pekin shahrida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari barcha ishtirokchilarini tabriklab, bitimning imzolanishini “tarixiy voqea” deb atadi.

“Bu mamlakatlarimiz o‘rtasida qaror topgan an’anaviy yaqin va ko‘p qirrali hamkorlik rivojidagi chinakam tarixiy voqeadir. Bugun biz birgalikda keng mintaqamizda iqtisodiy va transport aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan muhim amaliy qadamlarni qo‘ymoqdamiz”, — dedi u.

Prezidentning ta’kidlashicha, yangi temiryo‘l Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirib, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirishga xizmat qiladi. U Xitoyni mintaqa bilan bog‘lovchi eng qisqa quruqlik yo‘liga aylanadi.

хитой, хитой-қирғизистон-ўзбекистон, шавкат мирзиёев, қирғизистон

Tahlilga ko‘ra, uning qurilishi ortib borayotgan yuk tashish hajmiga samarali xizmat ko‘rsatish, ularni tashish vaqti va narxini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi, dedi O‘zbekiston rahbari.

Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 million tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev loyihaning amalga oshirilishi natijasida vujudga keladigan iqtisodiy ta’sirni barcha mamlakatlar his qilishini aytdi.

“Avvalo, yangi korxonalar va o‘n minglab ish o‘rinlari yaratiladi, o‘zaro tovar ayriboshlash hajmi va sanoat kooperatsiyasi ko‘lami, investitsion jozibadorlik o‘sadi va asosiy natija — fuqarolarimizning turmush darajasi oshadi”, — deya tushuntirdi u.

Yo‘l mamlakatlarimizga istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini berib, tranzit salohiyati va mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni sezilarli darajada oshiradi, qayd etdi prezident.

хитой, хитой-қирғизистон-ўзбекистон, шавкат мирзиёев, қирғизистон

Uning ta’kidlashicha, keng ko‘lamli loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston hududida barcha zarur infratuzilma yaratilgan.

Bundan tashqari, biz zamonaviy temir va avtomobil yo‘llari milliy tarmog‘i kengaytirilmoqda, yuklarni qayta ishlash va tashish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida raqamli texnologiyalar faol joriy qilinmoqda, deyiladi xabarda.

“O‘zbekiston temir yo‘l qurilishi, imzolanayotgan bitim va qabul qilingan „yo‘l xaritasi“ bo‘yicha izchil hamkorlikni davom ettirishga tayyor”, — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.