The New York Times (NYT) tomonidan o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, Ukrainadagi ikki yillik urush davomida 210 mingga yaqin bino shikastlangan yoki vayron bo‘lgan.

Jurnalistlar olimlar bilan birga bir necha yillik sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalanib, o‘qqa tutilgan har bir shahar, ko‘cha va bino haqida ma’lumotlar yig‘di. “Bu Ukrainadagi urush qayerlarda olib borilgani va vayronagarchiliklar haqidagi birinchi to‘liq tasvirdir”, — deyiladi materialda.

Tahlil shuni ko‘rsatdiki, Rossiya keng ko‘lamli bosqinni boshlagan 2022-yil fevralidan 2023-yil dekabrigacha Ukrainada 900 dan ortiq maktab, shifoxona va cherkovlar vayron qilingan, garchi bu joylar Jeneva konvensiyalari bilan himoyalangan bo‘lsa ham. Buning ichiga quyidagilar kiradi: 106 ta kasalxona, 109 ta cherkov va 708 ta maktab, kollej va universitet.

“Ba'zi joylarda Ukraina Ikkinchi jahon urushidan keyingi Drezden yoki Londonga yoki olti oylik bombardimondan keyingi G‘azo sektoriga o‘xshaydi”, — deb yozdi NYT.

NYT grafikasi.NYT grafikasi.

Nashrning ta’kidlashicha, vayronagarchilikni baholash konservativ — u aniq tahlil mavjud bo‘lmagan Qrim yoki G‘arbiy Ukraina bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga olmaydi. Gazetaning qo‘shimcha qilishicha, vayronagarchilikning haqiqiy ko‘lami yanada kattaroq va bu o‘sishda davom etmoqda.

Harbiy harakatlardan Ukrainaning Mariupol, Xarkov, Irpen, Rubejnoye va Marinka kabi shaharlari eng ko‘p jabr ko‘rgan.

Shu bilan birga, NYT`ning ta’kidlashicha, Ukraina qo‘shinlari ham bosib olingan Qrim va Donetskdagi Rossiya pozitsiyalariga hujum qilib, jiddiy zarar yetkazgan. “Qaysi tomon javobgar ekanini aniqlashning har doim ham imkoni bo‘lmasa-da, Rossiya nazoratidagi hududlarda qayd etilgan vayronagarchilik Ukraina tomonida kuzatilayotganiga nisbatan kamroq”, — deb yozadi nashr.

Tadqiqot haqida

New York Times Ukrainaning zarar yetgan shaharlaridagi vayronalarni hujjatlashtirish uchun ikki yetakchi masofadan zondlash olimlari — Nyu-York shahar uiversiteti aspirantura markazi xodimi Kori Sher va Oregon shtati universitetidan Jeymon Van Der Xuk bilan ishladi.

Mualliflar radiolokatsion sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridagi o‘zgarishlarni tahlil qildi, ular hatto binolardagi kichik o‘zgarishlarni ham aniqlay oladi. Tahlil Yevropa kosmik agentligining Sentinel-1 dasturi ochiq manba ma’lumotlariga asoslanadi, uning sun’iy yo‘ldoshlari har 12 kunda Yer yuzasini suratga oladi.

Tadqiqotchilar Ukrainaning barcha hududlarida urushdan oldin olingan suratlar bilan urush davrida olingan suratlarni solishtirdi — ular jami 50 terabaytga yaqin suratlarni to‘pladi. NYT ma’lumotlarni aniq tekshirish uchun Maxar Technologies va Planet Labs kompaniyalarining yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalandi.