Shavkat Mirziyoyev 3-iyun kuni hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari tadbirkorlar tomonidan bildirilgan muammolar va takliflardan kelib chiqib, quyidagi topshiriqlarni berdi:

  • xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatgan turoperatorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini subsidiya sifatida qaytarish muddatini uzaytirish va uni qo‘llash tartibini aniq belgilash;
  • turizm kompaniyalariga aylanma mablag‘ uchun eksportoldi moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish;
  • turistlarga mo‘ljallangan, yangi ishlab chiqarilgan “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga to‘g‘ri keladigan avtobus va mikroavtobuslarni bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etish muddatini uzaytirish;
  • so‘nggi 3 yilda tashkil topgan turkompaniyalarga xalqaro ko‘rgazmalardagi pavilon ijarasi xarajatining 50 foizini qoplab berishni yo‘lga qo‘yish;
  • xalqaro festivallarda qatnashadigan hunarmandlarga pavilon, yuklar va aviachipta xarajatining 50 foizini qoplab berish tizimini yo‘lga qo‘yish.

Bundan tashqari, yig‘ilishda turizm xizmatlari ko‘rsatuvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, turoperatorlarni madaniy meros obyektlari va temir yo‘l chiptalari narxlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida oldindan xabardor qilish, mehmonxona boshqaruvchilarini tayyorlash va mehmonxona qurishga subsidiyalar doirasini kengaytirish, pensiya yoshidagi turistlarga alohida viza tartibini joriy etish hamda tarixiy shaxslarning uy-muzeylarini restavratsiya qilish kabi masalalar ko‘tarildi.

Tadbirkorlar, shuningdek, maktab va kollej o‘quvchilari avtobusda bir viloyatdan boshqasiga sayohat qilishida yo‘l-patrul xizmati hamrohligi uchun tariflarni keskin kamaytirish, har yili kamida 20 ta o‘rta bo‘g‘in menejerlarini xorijda qisqa muddatli malaka oshirishga yuborish, yangi o‘quv yilidan turizm sohasidagi oliygoh va texnikumlarda “dual ta’lim”ni joriy qilish, 3−4 qavatli mehmonxonalarga ham subsidiya berish, mehmonxonasi bo‘lmagan 22 ta tumanda kichik otellar barpo etishga oilaviy xonalar sonidan kelib chiqib subsidiya ajratish kabilarni ilgari surdi.

turizm, шавкат мирзиёев

Prezident vazirlik va idoralar rahbarlariga xalqaro tajriba asosida milliy mehmonxona brendlarini yaratish tashabbuslarini o‘rganib, tegishli choralarni ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan xorijiy davlatlardan keladigan pensiya yoshidagi sayyohlarning O‘zbekistonda 6 oygacha vizasiz bo‘lishi tartibini ishlab chiqish, kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi bo‘lgan uch kunlik biznes tadbirni tashkil qilganlarga tadbirdan olingan daromad solig‘ini 50 foizga kamaytirish, QQSning yarmini qaytarish tizimini joriy qilish, bolalar oromgohlarini xususiy sheriklik asosida rivojlantirish kabi takliflar bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev mazkur takliflar yuzasidan aniq chora-tadbirlar tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Mutasaddilar bu yil 11 mln xorijiy sayyohni jalb etish hamda turizm eksportini 2,5 mlrd dollarga yetkazish imkoni borligini aytib, rejalari yuzasidan axborot berdi.