4-iyun kuni BMT Bosh assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi hisoblangan “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etishda yagona front bo‘lib hamkorlik qilishga tayyorligi” to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi, deb xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi.

Rezolyutsiyaga Ozarbayjon, Jazoir, Armaniston, Bahrayn, Belarus, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Qatar, Kuvayt, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Eron, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, BAA, Ummon, Pokiston, Rossiya, Singapur, Senegal, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Yaponiya kabi 30 dan ortiq a’zo davlatlar hammualliflik qilgan.

Rezolyutsiya konsepsiyasi O‘zbekiston prezidentining 2021-yil sentabr oyida BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqi asosida ishlab chiqilgan.

Hujjatda davlat rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan 2024−2028-yillarda O‘zbekistonning Giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasi va giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyasining asosini tashkil etuvchi konseptual qoidalar hisobga olingan.

Rezolyutsiyada qayd etilishicha, Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mintaqada narkotrafik va giyohvandlikka qarshi kurash bilan chambarchas bog‘liq. O‘zbekistonning yangi siyosati tufayli mintaqada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga e’tibor qaratilmoqda.

Mintaqa davlatlari o‘zaro hamkorlikning to‘plangan ijobiy tajribasiga asosan jahonda giyohvandlik muammosini hal qilishga global yondashuv doirasida giyohvandlikka qarshi samarali hamkorlikka intilishi ta’kidlandi. Hujjatda giyohvandlik vositalari va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish, strategik tashabbuslar va chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, giyohvand moddalar bilan bog‘liq muammolarni har tomonlama hal etishda BMT, xalqaro moliya institutlari va boshqa manfaatdor tomonlarning Markaziy Osiyo davlatlariga ko‘magini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Video

Prezidentning 2021-yil sentabr oyida BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqi.