O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasining (KQAS) birinchi reaktorini 5 yildan keyin ishga tushirish rejalashtirilyapti. Bu haqda Spot`ga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Atom energiyasi agentligi qoshidagi AES qurish direksiyasi davlat korxonasi kichik AES qurilishiga buyurtmachi hisoblanadi. Xabar berganimizdek, loyiha Jizzax viloyatining Forish tumani Tuzkon ko‘li yaqinidagi dastlab yirik atom elektr stansiyasini joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilgan avval tasdiqlangan maydonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“O‘rnatilgan quvvati 330 MVt bo‘lgan oltita RITM-200N reaktor bloki negizida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasining qiymati maxfiy ma’lumotlar bo‘lib, oshkor etish shart emas”, — deyiladi agentlik xabarida.

Tashkilotning aniqlik kiritishicha, har biri 55 MVt quvvatga ega bo‘lgan oltita reaktorning barchasi “atom energiyasi sohasidagi me’yor va qoidalar talablarini hisobga olgan holda, turli quvvatdagi atom elektr stansiyalari agregatlari kabi bitta maydonda joylashtiriladi”.

Kichik AESning birinchi reaktori quvvatini ishga tushirish joriy yilning yozida boshlanishi kerak bo‘lgan ustuvor ishlar tugaganidan 60 oy (5 yil) o‘tib amalga oshiriladi.

Har bir keyingi reaktor olti oy ichida ishga tushiriladi. Oltita reaktorli kichik AESning to‘liq ishga tushirilishi 2032-yildan oldin amalga oshirilishi kerak.

Qayd etilishicha, mahalliy umumiy sanoat uskunalari, mahsulotlar va butlovchi qismlar KQAS qurishda loyiha hujjatlarida belgilangan xususiyatlarga muvofiq foydalaniladi.

Kichik AESning uzoq xizmat qilish muddatini inobatga olgan holda mahalliy xomashyo va materiallardan foydalanish zarur, deya qo‘shimcha qildi agentlik.

  • AES qurilishi bo‘yicha shartnoma 27-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi chog‘ida AES qurish direksiyasi va “Atomstroyeksport” kompaniyasi (“Rosatom”ning injiniring bo‘limi) o‘rtasida tuzilgan edi.
  • Bundan tashqari, 2018-yil 7-sentabrdagi O‘zbekiston hududida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolangan.
  • Stansiya qurilishida “Rosatom” bosh pudratchi bo‘lib, qurilishda O‘zbekiston kompaniyalari ham ishtirok etadi.
  • Rosatom rahbari Aleksey Lixachyovning aytishicha, stansiyani 2029-yildan 2033-yilgacha “bosqichma-bosqich, modulma-modul” ishga tushirish rejalashtirilgan. Kichik AESda suv bilan sovutiladigan RITM-200N yadro reaktorlari bo‘ladi, ular atom muzyorarlarida qo‘llangan.
  • Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha O‘zbekistonda mahalliylashtirishning katta ulushi bilan amalga oshiriladi. “O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirish, davlat (Rossiya) krediti masalasi muhokama qilinmayapti”, — degan u.