5-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Makka shahrida bo‘lib turgan Musulmonlar idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Prezident Haj ziyoratiga tayyorgarlik jarayonlari, o‘zbekistonliklar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Nuriddin Xoliqnazar hojilarning salomi va duolarini yetkazdi.

Qayd etilishicha, ayni paytda qariyb 12 ming nafar fuqaro Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi. Jami 15 ming 130 nafar fuqaro Haj ibodatiga borishi belgilangan. Ularga 300 nafar guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, oshpazlar, tarjimonlar va boshqa ko‘makchilar hamrohlik qiladi.

2024-yildan boshlab bir yangilik — Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan diniy soha xodimlari hamda qori ziyoratchilar tomonidan Qur’oni karimni xatm qilish yo‘lga qo‘yildi. Hozirgacha 1 ming 515 ta xatm o‘qilib, yurtga tinchlik, xalqqa farovonlik tilab duolar qilingan.

“Bu kabi e’tibor va sharoitlarni arabistonlik mutasaddilar ham yuqori baholab, O‘zbekiston prezidentiga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar”, — deyiladi xabarda.

“Har kuni borganlarning muloqoti va takliflarini ko‘rib, juda xursand bo‘lyapman. Agar biz tahlil qilsak, Mustaqillikning birinchi yilida 12 nafar edi, hozir 15 mingga yaqin fuqarolarimiz Hajni ado etib, 30 ming qo‘l duo qiladi”, — dedi davlat rahbari.

“…Eng katta maqsadim, hozirgi tahlikali zamonda ma’naviyatimiz, ma’rifatimiz, o‘zligimiz, tinchligimiz, yurtimizdagi shukronalikni har bir ziyoratchi kelganidan keyin o‘zining ko‘chasida, mahallasida yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, targ‘ibotchi degan bir ibora bilan o‘zingiz bosh bo‘lib, yoshlarimizga tarbiya nuqtai nazaridan yangicha tashabbus bilan kelsanglar va tashabbuslaringizni butun xalqimiz qabul qilsa”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari fuqarolarni Haj ibodatini mukammal ado etib, sog‘-omon kelishlarini tiladi. O‘zbekistonga qaytgach, “hojilar jamiyatdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lishlariga” umid bildirdi.