Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning taklifiga binoan 6-iyun kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Uning matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashrif doirasida Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash masalalari o‘rin olgan, deyiladi xabarda.

Tomonlar amaliy hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat, “yashil” energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik dasturi doirasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratishi kutilmoqda.

Shuningdek, davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalarini ko‘rib chiqadi, xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashadi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari ikki mamlakat yetakchi korxonalari va kompaniyalari rahbarlari bilan birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazadi.