Shavkat Mirziyoyev 3-iyun kuni hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda iqtisodiy vaziyat qiyinlashgan hozirgi sharoitda ko‘proq ish o‘rni yaratadigan, investitsiya va eksportni ko‘paytiradigan sohalarni qo‘llab-quvvatlash zarur. Bu sohaga yo‘naltiriladigan har bir dollar kelgusida 3−4 barobar daromad keltiradi, har bir yangi ish o‘rni boshqa tarmoqlarda yana 2 ta ish joyi hosil qiladi, dedi u.

O‘tgan yilning oktabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti forumi doirasida 2 milliard 300 million dollarlik investitsiyaviy kelishuvlarga erishilgan bo‘lsa-da, 15 ta loyiha bo‘yicha hech qanday taraqqiyot yo‘q, dedi prezident.

Davlat rahbari Shahrisabz tumanidagi G‘elon va Sarchashma qishloqlari oralig‘idagi 3 ming gektar maydonda xorijiy investorlar tomonidan tog‘-chang‘i majmuasi qurilishi boshlanganini ta’kidladi. Miraki qishlog‘ining master rejasi ham ishlab chiqilmoqda.

Dam olish maskani qurilishi 2023-yil dekabr oyida Qashqadaryo hokimi Murotjon Azimovning Rossiyaning “Kazanskiye kanatnыye dorogi” kompaniyasi va “Gordeyev” arxitektura byurosi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng ma’lum bo‘lgandi. Qiymati 300 million dollarga teng bo‘lgan majmua 8,6 km uzunlikdagi uchta dor yo‘l, uch va besh yulduzli mehmonxonalar va boshqa obyektlarni o‘z ichiga oladi. Loyihaning birinchi bosqichi 2026-yil oxirida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Shahrisabz shahri Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti tomonidan 2024-yilgi turizm poytaxti deb e’lon qilingan.

Turizm qo‘mitasi rahbari Umid Shadiyev va ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.Turizm qo‘mitasi rahbari Umid Shadiyev va ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.

Prezident hududda turizmni rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni belgilab berdi. Birinchi navbatda Shahrisabz shahri va Shahrisabz tumanida turizm klasterini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. 33 km uzunlikdagi Hisorak-G‘elon va Hisorak-Sarchashma yo‘lini ikki qatorga kengaytirish, shuningdek, Samarqanddan Shahrisabzgacha bo‘lgan qatnov vaqtini bir soatga qisqartiradigan Chiroqchi-Sho‘rquduq yo‘lining 30 kilometrini ta’mirlash rejalashtirilgan.

Mazkur yo‘llarni ta’mirlash uchun 240 milliard so‘m, G‘elon qishlog‘ida kurort infratuzilmasini yaratish uchun 115 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Prezident o‘zining iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshan Gulyamovga Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan shartnoma tuzish va budjetdan 3 yil muddatga 30 million dollar kredit ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Qashqadaryo hokimi Murotjon Azimovga ertadan boshlab bu ishga kirishish, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi rahbari Shuhrat Vafayevga esa viloyatga borib, loyihaga yordam berish topshirildi.

G‘elondan o‘tuvchi Oqsu daryosida quvvati 24 MVt bo‘lgan uchta gidroelektr stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada turizm klasterida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi, deyiladi xabarda. Shahrisabz turizm texnikumida Shveysariya dasturi asosida yiliga 100 nafar mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan.

Bunday ishlarni Ohangaron, Urgut, Nurota, Yangiqo‘rg‘on, Pop, Chortoq, Boysun, Sariosiyo, Baxmal, Farg‘ona kabi turizm salohiyati yuqori 20 ta tumanda ham qilish mumkinligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda bu borada master reja ishlab chiqish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Qashqadaryo viloyatida ikkita turistik zona tashkil etish tashabbuslarini ma’qullagandi. Ulardan biri shu nomdagi shahar yaqinidagi “Shahrisabz” sayyohlik markazi bo‘ladi. 240 gektar maydonda mehmonxonalar, mehmon uylari, sog‘lomlashtirish va savdo-ko‘ngilochar muassasalari, xizmat ko‘rsatish majmualari qurilishi rejalashtirilgan.