Yaponiyada rasmiylar Toyota, Suzuki, Mazda, Honda va Yamaha avtomobillarini sertifikatlash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar soxtalashtirilganini aniqlagach, yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari ishtirokida mojaro avj oldi, deb yozdi Reuters.

Yaponiya Transport vazirligi Toyota, Mazda va Yamaha`ga ma’lum avtomobil modellarini yetkazib berishni to‘xtatishni buyurdi. Agentlik Toyota shtab-kvartirasida tekshiruv o‘tkazdi, qolgan to‘rtta avtokonsernda ham tekshiruv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Toyota korxonasida o‘tkazilgan tergov shuni ko‘rsatdiki, qoidabuzarliklar 2014, 2015 va 2020-yillardagi oltita turli sinovlar davomida sodir bo‘lgan. Gap uchta model: Corolla Fielder, Corolla Axio va Yaris Cross, shuningdek, avvalroq ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan yana to‘rtta model haqida ketmoqda. Xususan, bitta holatda kompaniya mashina halokatga uchragani ortidan kelgan zararni hisoblashda kapotning ikki tomonini emas, faqat bir tomonini o‘lchagan.

Korporatsiya o‘z mijozlari va aksiyadorlaridan uzr so‘radi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi bu xavfsizlik qoidalarini buzmagani va egalari o‘z avtomobillaridan foydalanishni to‘xtatishlari shart emasligiga ishontirdi.

Mazda o‘tgan haftada ishchilar ikkita modelda dvigatelni boshqarish dasturining sinov natijalarini o‘zgartirganini aniqlaganidan beri Roadster RF sportkari va Mazda2 hetchbeklarini yetkazib berishni to‘xtatdi. Kompaniya, shuningdek, hozirda ishlab chiqarish to‘xtatilgan Atenza va Axela modellari uchun soxta krash-test ma’lumotlarini aniqladi.

Umuman olganda, Transport vazirligi hisobotida 38 ta model haqida so‘z boradi, ulardan 6 tasi hozirda bozorga chiqarilmoqda, deb ta’kidlaydi The Japan Times.

Kompaniyalarga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda. Ehtimoliy qoidabuzarliklarning jiddiyligi noma’lumligicha qolmoqda, ammo bu, katta ehtimol, transport vositalarining funksionalligi va xavfsizligiga ta’sir qilmaydi, deya ta’kidlaydi nashr.