Meksikadagi prezidentlik saylovlarida 61 yoshli olim, Mexiko shahrining sobiq meri Klaudiya Sheynbaum g‘alaba qozondi. Meksika Milliy saylov instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, u 59 foizdan ko‘proq ovoz to‘pladi.

Sheynbaum mamlakat tarixidagi birinchi ayol prezidentga aylanmoqda. CNN buni “chuqur patriarxal madaniyati bilan tanilgan mamlakat uchun tarixiy yutuq” deb atadi. Sheynbaum Sigamos Haciendo Historia (Tarix yaratishni davom ettiramiz) koalitsiyasi tomonidan saylovga nomzod qilib ko‘rsatilgan, uning tarkibiga uchta partiya, jumladan, amaldagi prezident Andres Manuel Lopes Obradorning hukmron Morena partiyasi ham kiritilgan.

Obrador Sheynbaumning siyosiy murabbiyi sanaladi, deya qayd etdi Reuters. Meksika konstitutsiyasi prezidentlik muddatini olti yil etib cheklaydi, shuning uchun Obrador meksikaliklar orasida qashshoqlikka qarshi islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, saylovlarda qatnasha olmadi.

Sheynbaum 1-oktabrda lavozimga kirishishi kutilmoqda. “Men respublikaning 200 yilligida birinchi marta Meksikaning birinchi ayol prezidenti bo‘lishimdan minnatdorman”, — dedi u tarafdorlariga.


  • Klaudiya Sheynbaum fizik bo‘lib, fan nomzodi darajasiga ega. 2007-yilda u BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo kengashidagi ishi uchun Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. U siyosiy faoliyatini 2000-yilda boshlagan. 2015-yilda Sheynbaum Mexiko shahridagi Tlalpan tumani rahbari etib saylangan birinchi ayol bo‘ldi va bu lavozimda 2017-yilgacha ishladi. 2018-yilda u Mexiko shahri meri etib saylandi — yana bunday lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi, so‘ng 2023-yil iyun oyida prezidentlikka nomzodini qo‘yish uchun iste’foga chiqdi.
  • Meksikada ommaviy saylovlar 2-iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Jarayon mamlakat tarixidagi eng yirigi bo‘ldi: ularda 98 milliondan ortiq saylovchi ishtirok etdi. Natijalarga ko‘ra, prezidentlik lavozimidan tashqari 20 mingdan ortiq saylanadigan lavozimlar, jumladan, senatorlar va merlar ham tanlanadi.
  • CNN`ning qayd etishicha, saylovlar zo‘ravonlik avjiga chiqqani bilan yodda qoldi. Meksika hukumatiga ko‘ra, 2023-yil sentabridan beri saylov kampaniyasida 20 dan ortiq nomzod o‘ldirilgan.