Toshkent viloyati Toshkent tumanida bemor o‘z chaqiruvi bo‘yicha kelgan tez yordam shifokoriga hujum qildi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘ng‘iroq 1-iyun kuni soat 16:35 da qayd etilgan, Chulavachi qishlog‘ida yashovchi 26 yoshli O.J. bosh og‘rig‘i shikoyati bilan murojaat qilgan. Soat 16:39 da qo‘ng‘iroq eng yaqin brigadaga o‘tkazilgan, 16:45 da shifokor T.R va feldsher N.O. manzilga yetib kelgan.

J.O. bosh og‘rig‘i, bezovtalik va umumiy holsizlikdan shikoyat qilgan, shuningdek, buyrak kasalligi bo‘yicha davolanayotganini ma’lum qilgan.

Dastlabki tekshiruv vaqtida shifokor qon bosimi, puls va haroratni o‘lchagan va feldsherga og‘riq qoldiruvchi in’eksiya tayyorlashni buyurgan. Shifokor bemorning qo‘shimcha kasalliklari haqida savol berganida, O.J. o‘rnidan turib, “San kimsan? Ishingni tezroq qil”, degan va doktorning yuziga musht bilan urgan. Jabrlanuvchining labi va pastki jag‘ sohasidan qon keta boshlagan, shundan so‘ng shifokor bir muddat karaxtlik holatiga tushgan.

Shifokorlar voqea haqida profilaktika inspektori Q.T.ga xabar bergan.

Boshqa bir tez yordam brigadasi shifokorni Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi 3-sonli poliklinikaning yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limiga yetkazgan. U yerda erkakning qon ketishi to‘xtatilib, jarohati tikilgan, shundan so‘ng shifokor ishga qaytgan. Biroq oradan ma’lum vaqt o‘tgach, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va umumiy holsizlikni his qilgan, shundan so‘ng darhol Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi 2-sonli klinikaga yotqizilgan.

Neyroxirurgiya bo‘limida soat 23:45 da jabrlanuvchiga tashxis qo‘yilgan: “Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. O‘ng tomon pastki lab sohasida tikilgan jarohat. O‘ng pastki jag‘da yumshoq to‘qimalar lat yeyishi”.

Agar shifokor tegishli idoralarga murojaat qilsa, uni kaltaklagan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi, deyiladi hokimlik xabarida.