3-iyun kuni prezidentning turizm masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida soha tadbirkorlari bir qator takliflarni ilgari surdi.

Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, maktab va kollej o‘quvchilari avtobusda bir viloyatdan boshqasiga sayohat qilishida yo‘l-patrul xizmati hamrohligi uchun tariflarni keskin kamaytirish taklif qilinmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlar har yili kamida 20 ta o‘rta bo‘g‘in menejerlarini xorijda qisqa muddatli malaka oshirishga yuborish, yangi o‘quv yilidan turizm sohasidagi oliygoh va texnikumlarda dual ta’limni joriy qilishni xohlamoqda.

Ularning ayrimlari 3−4 qavatli mehmonxonalarga ham subsidiya berish, mehmonxonasi bo‘lmagan 22 ta tumanda kichik otellar barpo etishga oilaviy xonalar sonidan kelib chiqib subsidiya ajratishni so‘radi.

Prezident shularga asosan xalqaro tajriba asosida milliy mehmonxona brendlarini yaratish tashabbuslarini o‘rganib, tegishli choralarni ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlardan keladigan pensiya yoshidagi sayyohlarning O‘zbekistonda olti oygacha vizasiz bo‘lishi tartibini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi. Shu bilan birga:

  • kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi bo‘lgan uch kunlik biznes tadbirni tashkil qilganlarga tadbirdan olingan daromad solig‘ini 50 foizga kamaytirish, QQSning yarmini qaytarish tizimini joriy qilish;
  • Toshkentdagi Chorsu bozori va Xivada milliy koloritga ega sharq bozorini tashkil etish;
  • bolalar oromgohlarini xususiy sheriklik asosida rivojlantirish kabi fikrlarni chuqur o‘rganib, ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar kiritish topshirildi.

O‘z navbatida, prezident sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida turizmni rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik kengashini tuzishni taklif qildi. “Bu tashabbus uchrashuvda ishtirok etgan turizm sohasi vakillari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, prezident yig‘ilishda, bundan tashqari, temiryo‘l va aviachiptalarni safardan kamida olti oy oldin sotuvga chiqarishni topshirdi. Shuningdek, mamlakatga davolanish uchun keladigan xorijliklar sonini oshirish uchun “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi boshlanishini e’lon qildi.