Sog‘liqni saqlash vazirligi yoz faslida aholi, ayniqsa, bolalar o‘rtasida avj oladigan mavsumiy kasalliklardan biri — o‘tkir diareyadan ogohlantirdi. Vazirlik kasallikning kelib chiqishi sabablari va uni davolashda mutaxassislar bergan qator tavsiyalar bilan bo‘lishdi.

O‘tkir diareya — xalq orasida ichburug‘, ich og‘rig‘i, ich ketishi nomlari bilan ataladigan xastalik bo‘lib, ichak yo‘llarining funksional buzilishi hisoblanadi. U ichaklarni bo‘shatish va ichning suyuq holatda kelishi bilan kechadi. Ichning kuniga 3−4 martadan ko‘p kelishi o‘tkir diareya deyiladi.

Toshkent shahri 4-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Shaxlo Isamuxammedovaning so‘zlariga ko‘ra, kasallikning 2 ta turi bor. Bular infeksion va noinfeksion turlar hisoblanadi.

O‘tkir diareya sabablari

Xastalik kelib chiqishiga ko‘pincha gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik sabab bo‘ladi. Qolaversa, ichburug‘ yozning issiq kunlarida ochiq havoda qolgan taom va yeguliklar, jumladan, sut va sut mahsulotlarini iste’mol qilish tufayli yuzaga kelishi mumkin.

“Bolalar ko‘chadan uyga kirgach va taomlanishdan avval qo‘llarini sovunlab yuvishni unutadi. Ho‘l meva-sabzavotlarni iste’mol qilishdan avval ularni yaxshilab chayish ham ularning xayoliga kelavermaydi. Oqibatda og‘iz orqali organizmga tushgan bakteriya va viruslar ichburug‘, dizenteriya, salmonellyoz kabi o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarini qo‘zg‘atadi”, — deydi shifokor.

Organizmdagi bakteriya va viruslar ichak shilliq qavatini yallig‘laydi va ulardan ajralgan toksinlar qonga so‘rilib, butun tanani zaharlaydi. Oqibatda 2 soatdan 2 kungacha bo‘lgan inkubatsion davrda diareyaning ilk belgilari namoyon bo‘ladi. Qolaversa, ichburug‘ ovqatdan zaharlanish, shuningdek, xatarli patologiyalar, xususan, surunkali gepatit, pankreatit va boshqa infeksion-yallig‘lanish kasalliklarining alomati bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, ayrim dori vositalari hamda sut va sut mahsulotlarida bo‘ladigan laktoza, tabiiy meva, asaldagi va ayrim ichimliklarga qo‘shiladigan fruktoza uglevodlarini iste’mol qilish ham ich ketishiga sabab bo‘ladi.

Kasallik belgilari

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bo‘sh, suvli ich kelishi, unda qon bo‘lishi, qorin talvasalari, ya’ni g‘urillashi, og‘rig‘i, dam bo‘lishi, yuqori tana harorati, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish kabilar kasallikning asosiy belgilari hisoblanadi. Kasallik bemor holati va organizmga tushgan mikrob yoki virus xususiyatiga qarab yengil, o‘rtacha yoki og‘ir, ba’zan tipik bo‘lmagan shaklda o‘tishi mumkin.

“O‘tkir diareya, ya’ni ich ketishi kichik yoshdagi bolalarda ko‘p uchraydi va ularning salomatligi uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, kamqonlik, raxit, yod tanqisligi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarda xastalikka moyillik ko‘proq kuzatiladi”, — dedi mutaxassis.

Bolalarda holatning og‘ir kechishi suvsizlanish bilan bog‘liq bo‘lib, agar bola qusayotgan, ichi 5−8 marotabadan ko‘p kelayotgan va tana harorati 38 dan 39 gacha ko‘tarilayotgan bo‘lsa, bu holat unda juda tez suvsizlanishga olib keladi. O‘z vaqtida uning o‘rni qoplanmasa, falajlik, infeksion-toksik shok, neyrotoksikoz, ichaklar buralib qolishi, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, o‘pka va miya shishi, hatto o‘lim holatiga sabab bo‘lishi mumkin.

Toshkent shahri 4-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokorining so‘zlariga ko‘ra, bu kasallik, ayniqsa, go‘daklar va 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun juda xavfli. Ammo uni davolash va oldini olish mumkin. Shu bois bolalarda o‘tkir diareya kuzatilsa, tezroq shifokor qat’iy nazorati ostida tanada yo‘qotilgan suv o‘rni o‘z vaqtida qoplansa, organizm yana normal holatiga qaytadi.

JSST bolalarda diareyaning xavflilik darajasini bilish uchun to‘rt narsaga e’tibor qaratish zarur, deya tavsiya beradi. Ya’ni bolaning holsizlanib qolishi, ko‘z atrofi va qovoqlarning osilishi hamda ko‘karishi, qorin sohasida teri chimchilansa, tezda asl holiga qaytmasligi, suv ichishni keskin rad etishi. Ana shunday holatlar — diareyaning og‘ir darajasidan dalolat. Bunday vaziyatda zudlik bilan “tez yordam” chaqirib, bolani shifoxonaga yetkazish lozim.

Diareyadan saqlanish

“Ichburug‘ni davolashda o‘zboshimchalik bilan antibiotiklarni qo‘llash aslo mumkin emas. Chunki bu holat vaziyatni yanada og‘irlashtirishi va o‘tkir diareyaga disbakterioz xastaligi ham qo‘shilishi mumkin. Shunday ekan, ota-onalar yoz mavsumida bolalarining ovqatlanish ratsioni, ular iste’mol qilayotgan mahsulotlar sifati, yaroqliligi, xavfli bakteriya va viruslardan xoliligiga hamda farzandlari ozodaliligiga nihoyatda e’tiborli bo‘lishlari kerak”, — deydi shifokor.

Buning uchun qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvish, qaynatilgan suv ichish, sabzavot va mevalar, rezavorlarni ishlatishdan oldin qaynatilgan suvda yaxshilab chayish, issiq ovqat tayyorlashda gigiyena qoidalariga rioya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, tez buziladigan yeguliklarning yaroqlilik muddati va saqlash shartlari, xomashyo hamda pishirilgan taomlarni alohida saqlash lozim.

Mutaxassisning aytishicha, go‘sht, tuxum va dengiz mahsulotlarini yaxshilab qovurish yoki qaynatish, tez buziladigan yeguliklar va tayyor taomlarni muzlatkichda saqlash, yangi pishirilgan ovqatni oldingi kun qoldiqlari bilan aralashtirmaslik zarur. Agar pishirilgan taom yana bir kun qolsa, uni iste’mol qilishdan avval issiqlik bilan ishlov berish (qaynatish yoki qovurish) kerak.

“Bundan tashqari, chivin va suvaraklarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, uyda doimo tozalikni saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, pishirish uchun faqat yangi mahsulotlardan foydalanish maqsadga muvofiq”, — deydi Shaxlo Isamuxammedova.