O‘zbekistondagi 86 ta sanatoriy va tibbiy muassasalarda 2023-yilda 60 mingdan ziyod xorijiy turist davolandi. Prezident dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu ko‘rsatkichni oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatiga ko‘ra, oxirgi besh yilda xususiy klinikalar karrasiga ko‘paygani bilan atigi 2 tasi xalqaro sertifikat olgan. Oqibatda chet eldan davolanishga kelganlar ulushi pastligicha qolmoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev.

U tibbiyot va sog‘lomlashtirish turizmini uyg‘unlikda rivojlantirish bo‘yicha yaxlit yondashuv yo‘qligini aytdi. Shu bois ilg‘or xorijiy tajriba asosida “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi boshlanishi e’lon qilindi.

Endilikda xususiy klinikalarning xalqaro standart olish, xorijiy ko‘rgazmada qatnashish xarajatlari budjetdan qoplanadi. Klinikalarga kelgan chet elliklar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytariladi.

Avvalroq ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekistonga 2024-yilda 10 million xorijlik sayyoh kelishi kutilayotgani, mustaqil xalqaro tashkilotlar mamlakatdagi turizmni rivojlantirish holatini barqaror deb baholayotganini ta’kidlagan edi.

Yig‘ilishda prezident, bundan tashqari, temiryo‘l va aviachiptalarni safardan kamida olti oy oldin sotuvga chiqarishni topshirdi. Shuningdek, chet ellik ijrochilar konsertlarini o‘tkazishga qo‘yiladigan talablarni qayta ko‘rib chiqish va qo‘shni davlatlar bilan chegaradan o‘tish jarayonini osonlashtirish buyurildi.