Sirdaryo viloyati Guliston shahrda joylashgan lak-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarish omborida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi.

1-iyun kuni soat taxminan 21:35 larda kelib tushgan xabarga ko‘ra voqea joyiga zaruriy yong‘in-qutqaruv avtomobillari va vositalari jalb etilgan. Holat viloyat hokimligi, FVB, IIB rahbariyati tomonidan nazoratga olingan.

Yong‘in soat 23:35 da to‘liq o‘chirilgan. Hodisa oqibatida binoning tom qismi hamda bino hududida bo‘lgan 2 ta yuk tashuvchi avtomobil qisman zararlangan.

“Insonlarning halok bo‘lish holatlari kuzatilmadi. Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda”, — deyiladi xabarda.