Sloveniya hukumati Falastinning mustaqilligi va suverenitetini tan olishga qaror qildi, deya xabar bermoqda “Meduza” respublika Tashqi ishlar vazirligiga tayanib.

Qayd etilishicha, qaror Sloveniya Milliy Assambleyasiga taqdim etiladi. “Falastinni tan olish ikki davlat va xalqning tinch-totuv yashashi uchun yagona yo‘ldir. Yevropa davlatlari orasida hamfikrlar soni ortib bormoqda va bu Yevropa Ittifoqi mojaroni hal qilishda tobora faol rol o‘ynayotganidan dalolatdir”, — dedi tashqi ishlar vaziri Tani Fayon o‘z izohida.

Sloveniya bosh vaziri Robert Golobning qo‘shimcha qilishicha, mamlakat hukumati Falastinni “BMT rezolyutsiyasida belgilangan chegaralar doirasida yoki bo‘lajak tinchlik bitimida ishtirok etuvchi tomonlar kelishib oladigan chegaralar doirasida” tan olishga qaror qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Falastinni tan olish qarori “jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish va [Isroil] garovga olinganlarni ozod etishini istashni bildiradi”.

  • O‘tgan haftada Yevropaning yana uchta davlati Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olgandi — Ispaniya, Norvegiya va Irlandiya. Ushbu qaror 22-may kuni e’lon qilingan va 28-maydan rasman kuchga kirgan. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches qarorni “yagona maqsad: isroilliklar va falastinliklarga tinchlikka erishishga yordam berish” deb atagandi. Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde esa mamlakat 30 yildan ortiq vaqt davomida “Falastin davlatining eng kuchli tarafdorlaridan biri” bo‘lganini eslatdi.
  • Isroil yuosh vaziri Binyamin Netanyaxu Yevropaning uch davlatining Falastinni tan olish qarorini “terrorizm uchun mukofot” deb atadi. Isroil elchilari Ispaniya, Norvegiya va Irlandiyadan chaqirib olingan.
  • Shu bilan birga, 28-may kuni Daniya parlamenti Falastinni davlat sifatida tan olish haqidagi qonun loyihasiga qarshi ovoz berdi. Bu haqdagi qonun loyihasi to‘rtta so‘l partiya tomonidan taklif qilingan va uni muhokama qilish chog‘ida Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lokke Rasmussen Falastin davlatini tan olish uchun “hech qanday dastlabki shartlar” yo‘qligini aytgan. Saylov kuni u parlament rezolyutsiyani hozir qo‘llab-quvvatlay olmasa-da, “biz buni qila oladigan kun kelishini xohlaymiz”, deb qo‘shimcha qildi.