112 yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. Adliya vazirligining tushuntirishicha, bu qisqa raqamga favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda shoshilinch yordam olish uchun qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Qaror bilan fuqarolarning bu turdagi chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash imkonini beruvchi yagona dispetcherlik xizmati tashkil etilmoqda.

112 yagona dispetcherlik xizmati IIV, FVV, SSV, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Hududgazta’minot” shoshilinch xizmatlarini ma’lumotlarni uzatishning yagona tarmog‘iga birlashtiradi.

U respublikaning barcha hududlari bo‘yicha shoshilinch yordam chaqiriqlarini qabul qilish va qayta ishlash, aholiga shoshilinch yordam ko‘rsatish faoliyatini boshqarishning yagona tizimi sifatida ishlaydi, deyiladi xabarda.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar 112 yagona dispetcherlik xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash, ularga bepul asosda shoshilinch, tez va kechiktirib bo‘lmaydigan yordamni tashkil etish va ko‘rsatish;
  • shoshilinch yordam ko‘rsatishni boshqarish va muvofiqlashtirish;
  • vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari tomonidan fuqarolarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilishi yuzasidan tizimli nazorat yuritish;
  • vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari o‘rtasida yaqindan axborot almashinuvi bo‘yicha tezkor o‘zaro hamkorlikni ta’minlash.

Dispetcherlik xizmati 1-iyundan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishga tushiriladi. Shundan so‘ng bosqichma-bosqich tarzda 2024-yil birinchi yarim yilligida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va qolgan viloyatlarda yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, 112 raqami ishga tushishi haqida 2023-yil iyul oyida prezident yig‘ilishida aytib o‘tilgandi. O‘shanda bu tizim AQShdagi 911 xizmatining analogi bo‘lishi, shu orqali navbatchilik qismlari faoliyati ham tubdan qayta ko‘rib chiqilishi ta’kidlangan edi.