O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalariga 2024−2025 o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish 5-iyundan boshlanadi. Bilimni baholash agentligi prezidentning 24-maydagi farmoniga tayanib, bu haqda e’lon berdi.

Avvalroq yangi yilidan davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkazilishi haqida yozgandik.

Bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.

Oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi 2 bosqichda amalga oshiriladi:

  1. 1-bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat OTMni tanlaydi.
  2. 2-bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.

Kollej va texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini OTMlariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.

2023-yilda abituriyentlarni bakalavriat bosqichiga my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatga olish 20-iyundan boshlangandi. Jarayon 20-iyulga qadar davom etgan.