Jahongir Azimov Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori etib tayinlandi. Bu haqda fond matbuot xizmati xabar berdi.

Azimov 1992-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2016-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, 2022-yilda Alabama universitetida ijodiy jurnalistika bo‘yicha magistraturani tamomlagan.

O‘qishni tamomlagach, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori idorasida ish boshlagan. 2017-yilda u O‘zbekistondagi birinchi TEDx, TEDxMustaqillikSquare konferensiyalari tashkilotchisi bo‘ldi. Shundan so‘ng Voice of Tashkent`da mustaqil muallif bo‘lgan, so‘ngra O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligida (2018−2020-yillarda) ishlagan.

Jahongir Azimov 2022-yildan buyon “Gazeta.uz” nashrida ishlab kelayotgandi. Bu yerda u tahliliy maqolalar yozdi, intervyular o‘tkazdi, odamlarning hikoyalari bilan o‘rtoqlashdi. Xuddi shu yildan boshlab u Toshkentdagi Vebster universitetida dars bera ham boshlagan.

“Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori etib tayinlanishim o‘z kasbim va O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari sohasida ijod qilayotganlar jamoasi oldidagi mas’uliyatdir. Bularning hammasi ushalishiga umid qilaman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi”, — deb yozdi Azimov o‘zining Facebook`dagi sahifasida.

Akramjon Fozilov esa fondning vasiylik kengashiga rais etib ma’qullandi.

акрамжон фозилов, жаҳонгир азимов, миллий mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

Fozilov 2022-yil dekabr oyidan shu vaqtgacha fond direktori sifatida ishlab kelayotgandi.