2024-yil uchun hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha rejalar ishlab chiqildi. Bu haqda 30-may kuni Shavkat Mirziyoyevga olib kirilgan iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimotida so‘z yuritildi.

Taqdimotda prezidentning energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi, sobiq energetika vaziri Alisher Sultanov, prezidentning iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshan G‘ulomov va energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirok etdi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov.Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Maqsadlar qatoriga “ishlab chiqarishga xalal bermagan holda energiya iste’molini samarali tashkil etish orqali muayyan hajmlarni tejash” kiradi, deyiladi xabarda.

Iste’molchilarni energiya auditidan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda. U “faqat xalqaro standartlarga muvofiq” amalga oshiriladi va uning asosida majburiy chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Ravshan G‘ulomov (chapda) va Alisher Sultanov.Ravshan G‘ulomov (chapda) va Alisher Sultanov.

Shaffoflikni ta’minlash uchun energiya auditi xulosalari va undan keyin erishilgan natijalar yillik biznes-rejalarga kiritiladi va kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Har bir tashkilot rahbarlariga energiya samaradorligi bo‘yicha KPI joriy etiladi.

Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun amaldagi tarifga o‘suvchi koeffitsiyentni qo‘llagan holda qayta hisob-kitob qilish, iste’molchilar tomonidan majburiy energiya auditi o‘tkazish natijasida belgilangan chora-tadbirlarni muddatida bajarilmasligi, ushbu chora-tadbirlar bajarilishidan iqtisod qilinishi kutilgan yoqilg‘i-energetika resurslari qiymati miqdorida jarima qo‘llash tartibini joriy qilish masalasi o‘rganilmoqda.

Yana bir taklif — tashkilotlar, hududlar va ko‘chmas mulk obyektlari kesimida energiya iste’moli reytingini joriy etish. Bunda Energetika vazirligi tomonidan energiya sig‘imi eng yuqori va eng past bo‘lganlarning “10 taligi” yuritilib, OAVda yoritib boriladi.

Prezident taqdim etilgan takliflarni aloqador vazirlik va idoralar bilan birgalikda chuqur va puxta ishlab chiqish, ko‘rsatkichlarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilinar ekan, Shavkat Mirziyoyev tayyorgarlik ishlarini hozirdan boshlash va barcha zarur chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, jumladan, elektr va issiqlik stansiyalari uzluksiz va barqaror ishlashi uchun zarur yoqilg‘i resurslari, butlovchi va ehtiyot qismlarning zaxiralarini shakllantirish, energetika infratuzilmasini ta’mirlash va modernizatsiya qilish yuzasidan qator ko‘rsatmalar berdi.